Bugun 2 dekabr, 2025 yil, seshanba

КИР

O‘zbekistonning davlat qarzi 44 mlrd. dollarga yaqinlashdi

O‘zbekistonning davlat qarzi 44 mlrd. dollarga yaqinlashdi

Joriy yilning 1-oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi $43,97 mlrdga yetdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi saytidagi ma’lumotlarda keltirilgan.

Ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 1,12 barobar — $4,88 mlrdga ko‘p, yil boshiga nisbatan esa $3,75 mlrd (+9,33%) ga o‘sdi. Davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushi 32,3% ga yetdi.

Davlat qarzining asosiy qismi — 84% ini tashqi qarz tashkil etadi. Yanvar-sentabr oylarida uning hajmi $2,99 mlrdga (+8,88%) oshib, $36,72 mlrdga yetdi. Ichki qarz esa $760 mln o‘sish bilan $7,25 mlrd (+11,7%) bo‘lgan. Tashqi qarz o‘tgan yilning mos davriga nisbatan $4,49 mlrdga (+13,9%), ichki qarz esa $392 mlnga (+6,7%) oshdi.

Joriy yilning to‘qqiz oyida tashqi qarzning asosiy qismi — 47%i ($17,43 mlrd) byudjetni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Shuningdek, yoqilg‘i-energetika sohasiga $5,78 mlrd (16%), qishloq va suv xo‘jaligi — $3,27 mlrd (9%), uy-joy kommunal xo‘jaligi — $3,07 mlrd (8%) hamda transport va transport infratuzilmasi $2,87 mlrd (8%) ajratilgan.

Kreditorlar qatorida tashqi qarz tarkibida xalqaro moliya institutlari etakchilik qilmoqda — $19,85 mlrd yoki jamiga nisbatan 54%:

  • Jahon banki — $8,02 mlrd (tashqi qarzning 22%i);

  • Osiyo taraqqiyot banki — $7,49 mlrd (21%);

  • Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar banki — $1,73 mlrd (5%);

  • Islom taraqqiyot banki — $932 mln (3%);

  • Xalqaro valyuta jamg‘armasi — $638 mln (2%);

  • Evropa tiklanish va taraqqiyot banki — $426 mln (1%).

Xorijiy hukumatlarning moliyaviy tashkilotlari suveren majburiyatlarning 30%ini — $11,04 mlrdni tashkil etadi:

  • Xitoy (Xitoy taraqqiyot banki, Eksimbank va boshqalar) — $3,76 mlrd (10%);

  • Yaponiya (Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va boshqalar) — $3,12 mlrd (9%);

  • Fransiya (Fransiya taraqqiyot agentligi va b.) — $1,17 mlrd (3%);

  • Janubiy Koreya (Eksimbank, Koreya iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi va b.) — $740 mln (2%);

  • Germaniya (Germaniya davlat banki) — $491 mln (1%).

  • Saudiya Arabistoni (Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi) — $134 mln.

Shuningdek, tashqi qarzning 16%i investorlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Yanvar-sentabr oylarida xalqaro obligasiyalar hajmi $1,7 mlrdga oshib, $5,84 mlrdni tashkil etdi.

Kiritildi: 05:05 01.12.2025. O'qildi: 740 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!