O‘zbekiston dunyo bo‘ylab 91 ta ta’lim tizimi qatorida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan o‘tkaziladigan PISA 2025 xalqaro tadqiqotida ikkinchi bor ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun: PISA xalqaro tadqiqotlari 2000 yildan buyon har 3 yilda bir marotaba o‘tkazib kelinadi.
Tabiiy fanlar bo‘yicha O‘zbekiston o‘quvchilari 438 ball to‘plab, 91 ta davlat va ta’lim tizimi orasida 48-o‘rinni egalladi.
Taqqoslash uchun, PISA 2022da tabiiy fanlar bo‘yicha natija 355 ball va 80-o‘rinni tashkil etgan. Shu tariqa, 2025 yilda natija qariyb 83 ballga oshgan.
Xalqaro tashkilot tasodifiy reprezentativ tanlov asosida respublika bo‘ylab jami 233 ta maktabni tanlab oldi. Tadqiqotda 15 yoshli 8 652 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.
Ilk bor 2022 yilgi tadqiqotda O‘zbekistonning 202 ta maktabidan 7 293 nafar o‘quvchi qatnashgan edi.
Natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston tomonidan ishtirok etuvchi o‘quvchilar hamda qamrab olingan maktablar soni o‘tgan safargiga nisbatan oshgan.
Tadqiqotda o‘quvchilarning matematika, tabiiy fanlar, o‘qish va raqamli savodxonlik sohalaridagi darajasi baholanadi.
PISA 2025 da tabiiy-ilmiy savodxonlik ustuvor soha sifatida belgilandi.
Mazkur xalqaro baholash dasturidagi muvaffaqiyatli ishtirok yurtimiz yoshlarining ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirib, ta’lim sifati bo‘yicha qo‘yilgan ulkan maqsadlarga erishishda va yangi marralarni zabt etishda muhim poydevor bo‘ladi.