Bugun 14 mart, 2025 yil, juma

КИР

O‘zbekistonlik olimlar Oltoyda xalqaro baxshilar qurultoyida ishtirok etishdi

O‘zbekistonlik olimlar Oltoyda xalqaro baxshilar qurultoyida ishtirok etishdi

Oltoyda xalqaro baxshilar qurultoyi bo‘lib o‘tdi, unda o‘zbek olimlari ham ishtirok etishdi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi xabar berdi.

Gorno-Altaysk shahrida “Zamonaviy madaniyatda epik meros” xalqaro forumi va Xalqaro baxshilar qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Qurultoyda o‘zbekistonlik olimlar, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti katta o‘qituvchisi Anvar Bo‘ronov hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i Farrux Jabborov ishtirok etdi.

Oltoy Respublikasining M.V.Chevalkov nomidagi Milliy kutubxonasi majlislar zalida “Epik merosning zamonaviy san’at rivojiga ta’siri” mavzusida anjuman tashkil etildi.

Davra suhbatida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston hamda Boshqirdiston, Saxa (Yakutiya), Tiva, Xakasiya, Tatariston, Moskva va Sankt-Peterburgdan olimlar, rejissorlar, san’atkorlar xalq og‘zaki ijodi to‘g‘risida so‘z yuritishdi.

"Anvar Bo‘ronov Oltoy va O‘zbekiston toponimlari orasidagi o‘xshashliklar yuzasidan ma’ruza qildi. Farrux Jabborov esa o‘zbek “Go‘ro‘g‘li” turkum dostonlarida qahramonlarning yerosti olami va samoviy sarhadlarga safarlari, bunday syujetlar bilan oltoy folkloridagi parallellar xususida fikr-mulohazalarini bildirdi", — deyiladi xabarda.

Shuningdek, ishtirokchilar A.V.Anoxin nomidagi Milliy muzeyda oltoy kaychilari ichki bo‘g‘iq ovozda kuylash mahoratidan mashg‘ulot o‘tishdi. Uchrashuvda Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist, kaychi Nogon Shumarov an’anaviy ijrochilikning o‘ziga xosliklari haqida ma’lumot berdi. Xalqaro baxshilar qurultoyining ko‘p karra g‘oliblari Kidrash Shumarov, Natalya Yenchinova, Monune Taytikov hamda yosh kaychi Timur Minakov chiqish qildi.

Kiritildi: 16:31 23.09.2023. O'qildi: 1087 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!