“O‘zbekiston madaniy merosi — butun insoniyat boyligi. Yangi O‘zbekistonning xalqaro loyihalari taqdimoti” mavzusida anjuman o‘tkazildi.
Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi va O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) hamkorligida tashkil etildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazining ekspozisiyasini boyitish, bu borada xalqaro hamkorlikni kengaytirish va yangi hamkorlarni jalb qilish maqsadida tashkil etilgan ushbu anjumanda yurtimizdagi hamda xorijdagi elchixonalar, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Anjuman avvalida ishtirokchilar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi binosi va undagi loyihalar bilan tanishishdi. So‘ng qatnashchilarga Markaz qurilishi jarayonlari va uning faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etildi.
Tadbir ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon Aloyev islom merosini saqlash va ommalashtirish sohasidagi xalqaro hamkorlikning muhimligini ta’kidladi.
Islom sivilizasiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov ekspozisiyani shakllantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish jarayoni haqida ma’lumot berib, Markaz ekspozisiyalarida namoyish etilishi rejalashtirilgan 800 dan ortiq loyihaning 430 tasi xorijiy hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilayotganini alohida qayd etdi.
— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘lariga muvofiq, Markazning ikkinchi qavatida xalqaro tashkilotlar ofislari joylashtiriladi, bu esa O‘zbekiston va jahon hamjamiyati o‘rtasidagi ilmiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash uchun noyob maydon yaratadi. Bundan tashqari, Markazning ochilishi munosabati bilan xalqaro ko‘rgazmalar tashkil etish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunga qadar turli mamlakatlardan 15 ta muzey, xususiy kolleksionerlar va kutubxonalar o‘z ishtirokini tasdiqlab, O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan noyob ekspozisiyalarni Toshkentga olib kelishga rozilik bildirdilar. Biz barchangizni ushbu muhim loyihada faol hamkorlik qilishga va birgalikda ishtirok etishga taklif etamiz, — dedi Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov.
Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bundan 8 yil avval O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazini barpo etish g‘oyasini BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ma’lum qilgan va jahon hamjamiyatini ma’rifat yo‘li bilan jaholatga qarshi kurashishga da’vat etgan edi.
Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz.
Ana shu da’vatning amaliy ifodasi sifatida 2018 yilda dunyoda o‘xshashi yo‘q megaloyiha – O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazini barpo etish uchun tamal toshi qo‘yilgan.
Tashkil etilgan anjumanda joriy yil 29 yanvarda Davlat rahbarining O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markaziga navbatdagi tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash doirasida kelgusidagi rejalar va maqsadlar haqida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berildi.
Anjumandan so‘ng, yurtimizdagi hamda xorijdagi elchixonalar, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi haqidagi taassurotlari bilan bo‘lishdi.
Islom sivilizasiyasi markazi menda juda katta taassurot qoldirdi. Bu haqiqatan ham ulkan loyiha. Menimcha, butun o‘zbek xalqi ushbu markaz bilan faxrlanishi lozim. Men ham ushbu loyihada hamkorlik qilayotganimizdan faxrlanaman. Shuningdek, jahon sivilizasiyasiga ulkan hissa qo‘shgan bu buyuk mamlakat tarixi meni doim hayratda qoldiradi. Biz sharq olimlaridan biri bo‘lgan Ibn Sinoni yaxshi bilamiz va shu kabi olimlar yurti bilan hamkorlik qilayotganimizdan faxrlanamiz. Italiyaning eng qadimgi Bolonya universiteti kutubxonasi o‘zbek olimlari uchun bir milliondan ortiq kitobdan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi.
Malayziyaning O‘zbekistondagi elchisi Ilham Tuah bin Illias Malayziya va O‘zbekiston ko‘plab sohalarda hamkorlik qilishi juda muhimligi qayd etdi:
Malayziya va O‘zbekiston ko‘plab sohalarda hamkorlik qilishi juda muhim. Ayniqsa, 4-5 fevral kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev Kuala-Lumpurga tashrif buyurganidan keyin bu yo‘nalishda yangi imkoniyatlar ochildi. Davlatingiz rahbari islom haqida dunyo tasavvurini qayta shakllantirish bo‘yicha uzoqni ko‘ra oladigan qarashlarga ega. Ayniqsa, dunyoning ayrim qismlarida islom noto‘g‘ri talqin qilinayotganini hisobga olsak, bu juda muhim tashabbusdir.
Biz islomning ilm-fan, madaniyat va taraqqiyotga qo‘shgan hissasini namoyish etishimiz lozim. Axir O‘zbekiston tibbiyot, astronomiya, matematika va ilm-fanning boshqa sohalari beshigi ham bo‘lib kelgan.
Bu juda ilhomlantiruvchi holat. Malayziya bu yil ushbu Markazda O‘zbekiston madaniy merosiga oid nodir va noyob durdonalarni namoyish etishni rejalashtirmoqda.
Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchisi Guseyn Guliyev loyihaning g‘oyasi buyukligi haqida gapirdi:
Bu yerda ko‘rganlarim tasavvur qilganimdan ham ortiq ekan. Avvalo, binoning o‘zi nihoyatda ulug‘vor va mahobatli. Bu esa bunyod etilayotgan loyihaning g‘oyasi buyukligidan dalolat beradi. Amir Temur davridan boshlab uning saroyida bizning ilohiyotshunoslarimiz, olimlarimiz, adiblarimiz, faylasuflarimiz faoliyat yuritgan. Shu bois, Ozarbayjonning O‘zbekiston bilan aloqasini alohida ta’kidlamaslikning iloji yo‘q.
Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi Konstantin Obolenskiy arxitekturasi va mahobatidan hayratlanganini aytdi:
Islom sivilizasiyasi markaziga tashrif buyurish men uchun juda ulkan tajriba bo‘ldi. Menga binoning arxitekturasi juda yoqdi. Bu haqiqatan ham go‘zal imorat ekan. To‘g‘ri, hali qurilish ishlari tugallanmagan, ammo mening ko‘rganlarim binoning mahobatidan darak berib turibdi. Eng mohir ustalar mehnat qilishayotganligi yaqqol sezilib turibdi. Ekspozisiyaning o‘zi ham juda qiziqarli ekan. Yoshlar ham, kattalar ham dunyo islom sivilizasiyasi haqida ko‘p ma’lumot olishlari mumkin. Shu bois, bu juda yaxshi tashabbus deb hisoblayman.
Bunday markazning mavjudligi O‘zbekistonning o‘ziga xosligini namoyon etishda juda muhim. Men buni oldin ham ta’kidlaganman. Menimcha, odamlar o‘z madaniyati, tarixi, dini haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishi juda foydali.
Vatikanning O‘zbekistondagi vakili, yepiskop Yeji Masulevich Islom sivilizasiyasi markazi haqida gapirar ekan, uning ilmiy-madaniy loyiha sifatidagi o‘rnini yuqori baholadi:
– Islom sivilizasiyasi markaziga birinchi bor kelishim emas. Har kelganimda iliq taassurotlar bilan bu yerni tark etaman.
Eng avvalo, ta’kidlash kerakki, bu markaz yoshlarga va boshqalarga O‘zbekiston tarixini, islom tarixini, shuningdek, islomdan avval mavjud bo‘lgan dinlarni ham yaxshilab o‘rganishga yordam berish uchun tashkil etilgan.
Bu yerda har safar yangi narsalarni ko‘rib hayratlanaman, markaz qay darajada rivojlanayotgani va bu bino tobora go‘zallashib borayotgani haqida gapiraman. Tashrif buyuruvchilar bu yerdagi barcha ekspozisiyalar bilan yaqindan tanishishlari uchun doimo yangi g‘oyalar yaratilayotganiga guvoh bo‘laman.
Anjuman qatnashchisi, Tojikistonning O‘zbekistondagi elchisi Abdujabbor Rahmonzoda dunyo sivilizasiyasida O‘zbekistonning beqiyos o‘rni haqida to‘xtaldi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Shavkat Mirziyoyevga shunday ulug‘vor markaz barpo etilayotgani uchun chuqur minnatdorchiligimizni izhor etamiz. Qurilish boshlanganida ko‘rgan edik, ammo bugun ko‘rganlarimiz o‘xshashi yo‘q megaloyiha. Bu yerda biz fan, ta’lim, adabiyot va madaniyat rivojlanishiga haqiqatan ham ulkan hissa qo‘shgan O‘zbekistonning yetakchi ilm-fan, ma’rifat namoyandalari hamda atoqli olimlarining ilmiy merosi bilan tanishdik.
VIII-XIII asrlarda xalqlarimiz matematika, algebra, astronomiya, tarix, ayniqsa din sohasida bebaho asarlar yaratdilar. Imom Buxoriy bitgan kitoblar va hadislar alohida ahamiyatga ega. Bugunda barcha islom mamlakatlari bu hadislardan foydalanib keladi, chunki ular ishonchli va haqiqatga to‘la mos keladi. Haqiqatan ham, bugun butun islom dunyosi foydalanayotgan bu tarixiy manbalar X-XIII asrlarda O‘zbekiston haqiqiy sivilizasiya markazi bo‘lganini tasdiqlaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning dono siyosati tufayli Uchinchi Renessans davri allaqachon boshlanib ulgurdi. Haqiqatan ham, bugungi kunda Yangi O‘zbekiston har tomonlama taraqqiy etmoqda. Biz uning ilm-fan sohasidagi yuksalishini yaqqol ko‘rib turibmiz
Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Ahmad Faruq anjuman davomida o‘zining Markaz haqidagi fikrlari bilan bo‘lishib, kelgusida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istagini bildirdi:
– Islom sivilizasiyasi markaziga tashrif buyurish juda noyob va yoqimli tajriba bo‘ldi. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qurilayotgan ushbu markaz madaniyat, ilm-fan va tarixni o‘zida mujassam etadigan platforma sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.
U nafaqat O‘zbekiston, balki bizning tariximiz uchun ham umumiy bo‘lgan islom madaniyati tarixi va olimlarini birlashtiradi. Aytishim mumkinki, ular butun insoniyat taraqqiyotiga, biz erishgan ko‘plab ilmiy yutuqlarga hissa qo‘shgan. Biz uchun juda qadrli bo‘lgan Usmon Qur’oni qo‘lyozmasi bilan tanishdik. Islom dunyosi uchun juda muhim bo‘lgan ushbu Qur’on Markaz binosiga joylashtiriladi.
Pokistonda ham juda ko‘p qadimiy ma’lumotlarga boy muzeylar mavjud. Umid qilamanki, biz kelgusida muhim hamkorlik loyihalarini birgalikda amalga oshiramiz.
Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ufuk Ulutash O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazining tashqi fasadidan boshlab, ichkaridagi muhitigacha ufurib turgan ulug‘vorlikka to‘xtalarkan, shunday dedi:
– O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi har tomonlama muhtasham, ӯzbek me’morchiligining zamonaviy kӯrinishini o‘zida aks ettirgan, judayam hayajonga soladigan bino. Tashqi fasadidan boshlab, ichkaridagi muhiti ham insonni jumbushga keltiradi. Lekin eng muhimi, bu yerdagi qimmatli asarlar, an’anaviy va zamonaviy yondashuvlar, ӯzbek san’atini aks ettirgan ishlar chin ma’noda tashrif buyurgan insonni hayajonga soladi. Mehnati singgan barchaga ӯz rahmatimni aytaman. Aslida bu kabi binolar islom olamida son jihatidan kӯpayishi kerak. Bunga ӯxshash binolar bor, lekin Islom sivilizasiyasi markazining Ӯzbekistonda ochilishini oqilona fikr, deb bilaman. Zero, kirishdagi butun olimlarning suratlari aks ettirilgan bӯlimda miyamga ilk kelgan fikr bizning Turkiston madaniyati deb shu paytgacha ӯqib, kӯrganlarimiz bu jug‘rofiyaga oid ekanligi bo‘ldi. Ishonchim komilki, odamlar bu dargohdan nafaqat islom tarixi, shu bilan birga Turon-Turkiston tarixi haqida ham zarur ma’lumotlar olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Hozir Turkiya va Ӯzbekiston orasida hamkorliklar barcha sohada kӯzga tashlanadi. Bugungi kundagi madaniyat, san’at va tarix sohalaridagi hamkorliklarimiz misli kӯrilmagan voqealardan bӯlmoqda. Sulaymoniya kutubxonasi, IRSIKA tashkilotining hamkorligi yuqori bosqichga chiqqan va bu tashkilotlar Markazda ham o‘z ofislarini ochishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, Turkiyadagi Turk va islom san’ati muzeyini ham juda jiddiy hamkorligi bor. Albatta bu kabi hamkorliklarni davom ettiramiz. Muhimi, bu yerdan ӯrin olgan har bir asar, madaniyatni kӯrib har bir turk faxrlanadi va ӯzini ӯz uyidagidek his etadi.
Anjuman yakunida qatnashchilar bilan xalqaro hamkorlik istiqbollari va hamkorlik dasturlarini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi
O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi
Axborot xizmati