Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova Fransiyada bo‘lib o‘tgan Xalqaro Frankofoniya tashkilotining 19-sammiti doirasida Kokoro lingua kompaniyasi asoschisi Natali Lasslet bilan uchrashdi.
Muloqotda tomonlar respublikadagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 5−6 yoshli bolalar uchun innovasion Kokoro lingua platformasi yordamida bolalarga fransuz tilini o‘rgatish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida kelgusi bir yil davomida 12 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bepul tarzda fransuz tilini o‘qitish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Kokoro lingua 4−8 yoshdagi bolalarga chet tillarni o‘rgatishga mo‘ljallangan xalqaro onlayn ta’lim platformasi bo‘lib, bolalarni tabiiy va qiziqarli usullar bilan chet tillariga o‘rgatadi. Darslar, asosan, video orqali o‘tkaziladi va bu jarayon bolalar o‘ynab-o‘rganish formatida tashkil etiladi. Undan 2018 yildan beri dunyo bo‘ylab 250 mingdan ortiq kishi foydalangan.