O‘zbekistonlik bokschi Havasbek Asadullayev finalda qozog‘istonlik raqibini mag‘lub etib, Osiyo chempioni unvonini qo‘lga kiritgandi. Biroq jang davomida u raqibini tishlab olgani sabab Osiyo boks konfederasiyasi uni diskvalifikasiya qildi. Oltin medal esa Ablayxon Jusupovga berildi.
11 dekabr kuni 71 kg toifasidagi final bahsida Havasbek Asadullayev qozog‘istonlik Ablayxon Jusupovga qarshi jang qilgandi. Ma’lum bo‘lishicha, Asadullayev IBA o‘yin qoidalarining 21.1.8 bandi bo‘yicha tasniflangan harakat, ya’ni raqibni tishlagani hakam tomonidan e’tibordan chetda qolgan. Qozog‘iston boks konfederasiyasi Osiyo chempionatiga bu haqda norozilik xati yuborib, qoidabuzarlikni isbotlovchi surat va videolar taqdim qilgan.
Qozog‘iston boks federasiyasi yuborgan norozilikdan so‘ng boks chempionatining texnik vakili, irlandiyalik Sadi Daffi andijonlik bokschimizni jangdagi jiddiy qoidabuzarligi uchun diskvalifikasiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Cheklov qancha muddat amal qilishi hali ma’lum emas.
Shu tarzda O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo chempionatida qo‘lga kiritgan oltin medallari soni bittaga kamaydi.