So‘nggi kunlarda respublika hududiga sovuq havo oqimi kirib kelishi natijasida energiya resurslariga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshib bormoqda. Bugungi kunda aholining tabiiy gaz kunlik iste’moli o‘tgan haftadagiga nisbatan 20 foiz, elektr energiyasi iste’moli esa 15 foiz ortgan.
Bunday vaziyatda tizim korxonalari tomonidan elektr va gaz uzatish tarmoqlaridagi ishlarni tezkor hamda sifatli tashkil qilish, iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida tizimda doimiy ravishda zarur choralar ko‘rib borilmoqda.
Jumladan, sovuq kunlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf etish uchun elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tunu kun faoliyat yuritadigan 1 600 dan ortiq maxsus brigadalar tashkil etildi hamda ular kerakli avtotransport vositalari va zaxira qurilmalari bilan to‘liq ta’minlandi.
Ma’lumot uchun: elektr ta’minoti korxonalariga 877 ta avtotransport hamda 450 ta maxsus texnika, gaz ta’minotiga – 220 ta avtotransport va 259 ta maxsus texnika biriktirilib, 567 ta payvandlash apparati bilan ta’minlangan.
Aholi hamda ijtimoiy soha ob’ektlariga energiya resurslarini barqaror yetkazib berish bo‘yicha soha ob’ektlarida 24 soatlik ish rejimiga o‘tilgan bo‘lib, joylarda ishlarning borishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan. Sodir bo‘lgan avariyaviy holatlarni zudlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rilib, avariyani bartaraf etishning o‘rtacha vaqti o‘tgan yildagi 3-3,5 soatdan joriy yilda 1-1,5 soatgacha qisqartirildi.
Shuningdek, oldingi yillarda generasiya quvvati tanqisligi tufayli majburiy cheklovlar kiritilgan bo‘lsa, yangi ishga tushirilgan quvvatlar hisobiga joriy yilda cheklovlar kiritilishi bartaraf etildi.
Havo haroratining keskin pasayishi natijasida iste’molchilarning tabiiy gazga bo‘lgan talabi keskin oshib, respublika gaz transport tizimi ob’ektlari maksimal quvvatlarda ishlashiga, shu jumladan, gazni yer osti saqlash omborlaridan rejalashtirilgan maksimal kunlik gaz olinishiga va tarmoqqa uzatilishiga qaramay, quvurlarda gaz bosimining pasayishi kuzatilmoqda.
Birinchi navbatda aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini (tibbiyot, maktab, maktabgacha ta’lim, oliy ta’lim muassasalari va boshqalar) tabiiy gaz bilan ta’minlash ustuvor vazifamiz ekanligini inobatga olib, hududlardagi mahalliy hokimliklar bilan birgalikda ishlab chiqilgan reja-grafiklarga muvofiq, iste’mol yuqori bo‘lgan ayrim hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (gaz zapravkalar) faoliyatiga qisqa muddatli cheklov kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Bu bo‘yicha viloyatlar va tumanlar hokimliklari rasmiy axborot manbalarida tegishli tartibda ma’lumot berib borilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, yurtdoshlarimiz aholiga yonilg‘i quyish, gaz to‘ldirish hamda elektr quvvatlash shoxobchalari haqida onlayn ma’lumot berib borish maqsadida ishlab chiqilgan «Avto24» ilovasi yordamida shoxobchalar faoliyati bilan bog‘liq barcha ma’lumotlarni onlayn rejimda kuzatishlari mumkin.
Qolaversa, elektr ta’minoti bo‘yicha tug‘ilgan savollar bo‘yicha 1154 qisqa raqami yoki «Telegram»dagi @HET_admin administratorga hamda gaz ta’minoti bo‘yicha esa 1104 va 104 qisqa telefon raqamlari yoki «Telegram»dagi “@hududgaz_murojaat_bot”ga murojaat qilish imkoniyati yaratilgan.
Hurmatli iste’molchilar, avvalambor aholini uzluksiz energiya resurslari bilan ta’minlash maqsadida ko‘rilayotgan birinchi navbatdagi choralarni to‘g‘ri tushungan holda, Sizdan:
– elektr qurilmalari va isitish moslamalariga nihoyatda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishni;
– resurslardan imkon qadar samarali va tejamkorlik bilan foydalanishni;
– nostandart, energiya samarasiz qurilmalardan foydalanmaslikni;
– qurilmalardan foydalanilmayotgan vaqtlarda ularni tarmoqdan ajratib qo‘yishni;
– is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qat’iy rioya qilishingizni so‘raymiz,- deyiladi xabarda.