Samarqand shahrida 23 yoshli byuti-bloger Guzalya Maxmudkulova o‘z joniga qasd qildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, holat 11 dekabridan 12 dekabrga o‘tar kechasi soat 23:00 atrofida Rudakiy ko‘chasida sodir bo‘lgan. Ayol 8-qavatdagi uyining derazasidan o‘zini pastga tashlab, joniga qasd qilgan.
Samarqand shahri prokuraturasi tergov-tezkor guruhi hodisa joyini ko‘zdan kechirib, guvohlardan batafsil tushuntirish xatlari olgan. Marhumaning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Bloger Aqida Hanum o‘zining Telegram kanalida yozishicha, ayol shu yilning bahorida turmush qurgan. «So‘nggi vaqtlarda qaynonasi chiqishtirmayotgani, eri kun bermayotgani, kunda-kunora urush-janjal bo‘layotgani xaqida gapirgan», — deya obunachilarining so‘zlarini keltirgan bloger.
Shuningdek, messenjerlarda u bilan bo‘lgan yozishmalar ham e’lon qilingan. Ularda ayolning tanasidagi bir qancha jarohatlari aks etgan foto va videolar aks etgan, turmush o‘rtog‘ining unda ko‘ngli yo‘qligi va u bilan yashashga qiynalayotgani yozilgan.
Bosh prokuratura hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini bildirdi.