Suriyada Bashar Asad rejimi qulaganidan to‘rt kun o‘tib, Damashqni o‘z nazoratiga olgan muxolifat kuchlari mamlakatda uzoq vaqtdan beri ommaviy ishlab chiqarilgan giyohvand modda - Kaptagonning katta zaxiralarini fosh etdi.
«Hayat Tahrir ash-Sham» bosh qo‘mondoni Ahmad al-Sharaa (shuningdek, Abu Muhammad al-Juloni nomi bilan ham tanilgan) so‘nggi kunlarda sobiq rejimni Suriyani «dunyodagi yetakchi Kaptagon manbasiga» aylantirishda aybladi. U Kaptagon ishlab chiqarish va sotishga chek qo‘yishga va’da berdi.
Kaptagon nima o‘zi?
Bu so‘nggi yillarda asosan Suriyada ishlab chiqarilgan va Fors ko‘rfazi davlatlariga kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan, o‘ziga qaram qiluvchi, amfetamin tipidagi stimulyator.
Asad rejimi uning savdosiga aloqadorligini rad etsa-da, kuzatuvchilarga ko‘ra, giyohvand moddalarni ishlab chiqarish va kontrabandasi hokimiyatdan ag‘darilgan prezident va uning sheriklariga milliardlab dollar olib kelgan.