O‘zbekistonda yangi ekilgan piyoz narxi rekord darajada qimmatladi, deb xabar bermoqda EastFruit.
Surxondaryo viloyati fermerlari ertapishar kuzgi piyoz hosilini yig‘ishni boshladi. Bu mahsulot allaqachon viloyatning o‘zi va qo‘shni hududlar bozorlarida paydo bo‘ldi. Biroq o‘tgan yillardan farqli o‘laroq, bu mavsumda piyoz narxi rekord darajaga ko‘tarilmoqda. Yangi hosildan olingan piyozning dastlabki partiyalarini fermerlar daladan o‘rtacha bir kilogrammi 5000 so‘mdan, ya’ni 39 AQSh sentiga teng narxda jo‘natdi.
Shuningdek, bozorlarda piyozning chakana narxi kilosi 7000−8000 so‘mdan yoki 54−62 AQSh sentidan sotilmoqda. VESAGRO konsalting kompaniyasi rahbari O‘rmonali Usmonov holatni izohladi. Unga ko‘ra, 2025 yil mart oyining ikkinchi yarmida Surxondaryo viloyatining bir qator tumanlarida (Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on va Sherobod) fermerlar erta kuzgi piyoz hosilini yig‘ishni boshladi.
Biroq piyozning yetilish darajasi hali uni uzoq masofalarga tashishga imkon bermayapti. Shu sababli hozirda mahsulot asosan Surxondaryo viloyati va unga qo‘shni hududlardagi bozorlarda sotilmoqda. Shunday bo‘lsa-da, bu mavsumda fermerlar narxlardan juda mamnun. O‘tgan yili ayni shu paytda yangi hosildan olingan piyozning kilosi dalalarda taxminan 500 so‘mdan (4 AQSh senti) yuklab jo‘natilgan bo‘lsa, bu yil boshlang‘ich narxlar 10 baravar yuqori.
Uning fikricha, narxlarning yuqori bo‘lishining asosiy sababi ertaki kuzgi piyoz ekin maydonlarining sezilarli darajada qisqarganidir.