"Moskva viloyatidagi Gorki-2 aholi punktida joylashgan maktabning to‘qqizinchi sinf o‘quvchisi qo‘riqchini pichoqlab, so‘ngra o‘n yoshli to‘rtinchi sinf o‘quvchisiga hujum qildi. O‘quvchi olingan jarohatlar oqibatida vafot etdi", deya xabar bermoqda agentlik.
Vafot etgan o‘quvchining ismi Qobiljon bo‘lib, u asli tojikistonlik ekani aytilmoqda. Hujumni amalga oshirgan o‘smir qo‘lga olingan. Ma’lumotlariga ko‘ra, uning ismi Timofey, yoshi 15 da.
Mash Telegram-kanalining xabar berishicha, hujumdan bir necha kun oldin Timofey sinfdoshlariga o‘zi yozgan “Mening g‘azabim” nomli manifestini yuborgan. Matnda u jamiyatdan qanchalik nafratlanishi haqida, shuningdek nasistik g‘oyalarni bayon qilgan.
Timofey amalga oshirgan hujumini videokameraga yozib olgan. Videoda o‘smir oldidan chiqqan o‘qituvchi o‘quvchilardan millatini so‘ragani aks etgan. Baza Telegram-kanalining yozishicha, o‘smir o‘zining matematika o‘qituvchisini o‘ldirishni rejalashtirgan edi.
Xabar qilinishicha, Timofeyning telefonida nasistik shiorlar aks etgan bronejilet va kaska kiygan holda tushgan rasmlari topilgan. Kaskada 2022 yili AQShning Buffalo shahrida sodir bo‘lgan qora tanlilarga qarshi ommaviy qotillikka ishora qiladigan yozuv bor edi. Hujumchining futbolkasida “Hech qanday hayot muhim emas” (No Lives Matter) deb yozilgan.