Bugun 20 noyabr, 2025 yil, payshanba

КИР

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Mirabbos Mirzaahmedov vafoti munosabati bilan hamdardlik

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Mirabbos Mirzaahmedov vafoti munosabati bilan hamdardlik

Milliy madaniyatimiz va san’atimizning atoqli namoyandasi, mashhur rejissyor va teleboshlovchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Mirabbos Abdulhaqovich Mirzaahmedov shu yil 19 noyabr kuni 84 yoshida vafot etdi.

M.Mirzaahmedov 1941 yil 30 sentyabrda Toshkent shahrida ziyoli oilasida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng, Toshkent teatr va rassomlik instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti)da kino va teatr san’ati aktyori mutaxassisligi bo‘yicha tahsil oldi.

Mehnat faoliyatini O‘zbekiston teleradiokompaniyasida rejissyor yordamchisi sifatida boshlagan iste’dodli san’atkor 60 yildan ziyod vaqt mobaynida “Yoshlar” tahririyati rejissyori, bosh rejissyori, “O‘zbekiston” telekanalining oliy toifali rejissyori, “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” ko‘rsatuvining rejissyori va boshlovchisi kabi lavozimlarda samarali xizmat qildi. Uning bevosita rahbarligida dolzarb mavzu va janrlarda tayyorlangan eshittirish va ko‘rsatuvlar, badiiy videofilmlar milliy ruhi, teran mazmuni, xalqchilligi bilan millionlab muxlislar qalbidan o‘rin oldi. Ayniqsa, ustoz rejissyor tomonidan tasvirga olingan “Bahor qaytmaydi”, “Izlayman”, “Qalbingga quloq sol”, “Bahs”, “Uch ildiz”, “Dunyoning ishlari” kabi asarlar o‘z davrining yorqin telefilmlari sifatida madaniyatimiz xazinasidan munosib joy egalladi.

M.Mirzaahmedov o‘zining nuroniy va donishmand qiyofasi, ko‘p yillik bilim va tajribasi bilan markaziy telekanallarimiz orqali 40 yildan buyon namoyish etib kelinayotgan “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” ko‘rsatuviga yangicha ruh va mazmun olib kirdi hamda ushbu dastur orqali jamiyatimiz hayotidagi ijtimoiy-ma’naviy muammolarga jamoatchilik e’tiborini qaratish, el-yurtimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida oila va Vatanga muhabbat, odob-axloq, mehr-oqibat g‘oyalarini targ‘ib etishga katta hissa qo‘shdi.

Butun umr doimo izlanib, xalqimizga sidqidildan xizmat qilib kelgan zahmatkash ijodkor o‘ziga xos mahorat va tajriba maktabini yaratib, ko‘plab yoshlarga ustozlik qildi.

M.Mirzaahmedovning mamlakatimiz madaniyati va san’atini rivojlantirish yo‘lidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” va “Do‘stlik” ordenlari bilan mukofotlandi.

Taniqli san’atkor, samimiy va kamtarin inson, yoshlarning mehribon ustozi Mirabbos Mirzaahmedovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

SH.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov, A.Aripov, S.Turdiyev.

Kiritildi: Bugun 13:56. O'qildi: 716 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!