Amerika OAV xabarlariga ko‘ra, Oq uy hozircha bo‘g‘ozni darhol harbiy kuch bilan ochishga urinmaslikka qaror qilgan. Buning o‘rniga Vashington diplomatiya va ittifoqchilarga tayanishni rejalashtirmoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp yordamchilariga, hatto Xormuz bo‘g‘ozi katta darajada yopiq qolsa ham, Eronga qarshi harbiy operasiyani to‘xtatishga tayyor ekanini bildirgan. Bu haqda Wall Street Journal nashri ma’muriyat vakillariga tayanib xabar berdi.
Ularning ma’lumotiga ko‘ra, Tramp va uning jamoasi bo‘g‘ozni zudlik bilan kuch ishlatib ochish 4–6 haftalik afzal ko‘rilgan muddatdan tashqariga chiqib ketishini anglagan. Shu sababli ma’muriyat Eron flotini va raketa salohiyatini zaiflashtirishga e’tibor qaratmoqchi, shu bilan birga Tehronga diplomatik bosimni kuchaytiradi.
Agar muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlansa, Xormuzni ochish vazifasi Yevropa hamkorlari va Fors ko‘rfazi mintaqasidagi ittifoqchilarga yuklatilishi mumkin. Shunga qaramay, harbiy variantlar hamon ko‘rib chiqilmoqda. Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt AQSh bo‘g‘oz orqali normal kemalar qatnovini tiklash ustida «ish olib borayotganini» aytdi.
Mojaro 28 fevral kuni Isroil va AQSh Eronga qarshi operasiya boshlaganidan beri davom etmoqda. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 1340 kishidan oshgan, ular orasida Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy ham bor. Javoban Tehron Isroil, Iordaniya, Iroq va AQSh harbiy ob’ektlari joylashgan Fors ko‘rfazi mamlakatlariga dron va raketa zarbalari bergan.
Eron TIV rasmiy vakili Ismoil Bag‘aiy dushanba kuni so‘nggi 31 kun ichida AQSh bilan hech qanday muzokaralar o‘tkazilmaganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, u Vashington vositachilar, jumladan Pokiston orqali «muzokara o‘tkazish so‘rovi» va takliflar yuborganini tasdiqladi.
«Biz bu 31 kun ichida Amerika bilan hech qanday muzokara o‘tkazmadik, — dedi Bag‘aiy. — Gap vositachilar, jumladan Pokiston orqali yetkazilgan takliflar to‘plami bilan birga muzokara so‘rovi haqida ketmoqda.»
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQShning harbiy harakatlari davom etayotgan bir paytda Eron barcha kuch va imkoniyatlarini mamlakat mudofaasiga safarbar qilgan. Bag‘aiy, shuningdek, Tehron o‘tmishda diplomatik kelishuvlar «xiyonat» bilan yakunlangan holatlarni unutmaganini ta’kidladi — bu bilan u o‘tgan yil iyun oyida AQShning Eron yadroviy ob’ektlariga bergan zarbalarini nazarda tutdi.