2025 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 2,7 foizi nogironligi bor shaxslardan iborat. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi AOKAdagi brifingda ma’lum qildi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda mamlakatda nogironligi bor fuqarolar aholining 2,7 foizini tashkil etmoqda. Mazkur sohaga oid qonunchilikni rivojlantirish maqsadida 60 dan ziyod normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, ulardan 18 tasi aynan nogironlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Agentlik nogironlikni baholashda yangi tartib — kundalik faollik va jamiyatdagi ishtirok darajasi asosidagi funksional yondashuvni joriy etdi. Mazkur baholash usuli orqali 32 036 nafar shaxs baholanib, natijalar «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimiga kiritildi.
Shu bilan birga, Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyalari (TIEK) tizimi qayta ko‘rib chiqildi. Viloyatlardagi 33 ta ixtisoslashtirilgan komissiya tugatilib, tuman va shahar darajasidagi TIEKlar orqali nogironlikni belgilash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Barcha komissiyalarga pediatr shifokorlar shtatlari ham kiritildi.
Endilikda fuqaroni komissiya ko‘rigiga chaqirmasdan nogironlikni belgilash mumkin bo‘lgan kasalliklar soni 39 tadan 48 tagacha kengaytirildi. Bu esa 463 nafar shaxsni komissiyaga borishdan ozod etish imkonini berdi hamda masofaviy tartibda nogironlik belgilandi.