O‘zbekistonliklarga kvartira sotib olishga pul jamg‘arish uchun 16 yildan ortiq vaqt kerak, bu Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng uzoq muddat. Bu haqda sobiq sovet davlatlari bo‘yicha raqamlarga ixtisoslashgan Geostatistika portali ma’lumot berdi.
Qayd qilinishicha, o‘zbekistonliklar o‘rtacha 482 dollar maosh bilan 96,8 ming dollar qiymatli kvartira uchun 16 yil 9 oy pul jamg‘arishiga to‘g‘ri keladi. Taqqoslanishicha, qozog‘istonliklarga kvartira uchun 7 yil 8 oy, qirg‘izistonliklarga 13 yil 6 oy, tojikistonliklarga 15 yil 9 oy vaqt kerak.
Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, muddatlardagi tafovut bir kvadrat metr narxi o‘rtasidagi farq bilan ham, mamlakatlardagi o‘rtacha ish haqi darajasi bilan ham izohlanadi.