Har yil yakunida kiberjinoyatlar eng ko‘p sodir etilgan banklar va to‘lov tashkilotlari ro‘yxati ommaviy ravishda e’lon qilinadi. Bu haqda 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi mas’ul xodimi, kapitan Maqsudjon Mirabdullayev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidentining 2025 yil 30 apreldagi 153-sonli qaroriga muvofiq, Ichki ishlar vazirligi mamlakatda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilangan. Mazkur qaror bilan banklar va to‘lov tashkilotlariga kiberjinoyatlarning oldini olish, axborot xavfsizligi siyosatiga rioya etish borasida qat’iy javobgarlik yuklatilgan.
IIV vakili ta’kidlashicha, ilgari ayrim bank yoki to‘lov tizimlarida katta miqdordagi mablag‘ o‘g‘irlanishi yoki noqonuniy yechib olish holatlari kuzatilganida bu ma’lumotlar ommaga taqdim etilmas edi. Endilikda esa yil yakunida qaysi bank samarali faoliyat ko‘rsatgani, qaysi biri esa zaifliklariga ko‘ra kiberjinoyatlarga imkon yaratgani bo‘yicha ochiq statistik ma’lumotlar e’lon qilinadi.
Shuningdek, bank yoki to‘lov tashkiloti aybi bilan fuqarolarning mablag‘lari o‘zlashtirilgan holatlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berib boriladi. Ushbu ma’lumotlarda jinoyat qanday usulda amalga oshirilgani va yetkazilgan zarar miqdori ochiq yoritiladi.
Mazkur amaliyot banklar va to‘lov tizimlarining kiberxavfsizlik talablariga rioya etish bo‘yicha mas’uliyatini oshirishi, tizimdagi zaifliklarni bartaraf etishga undashi hamda kiberjinoyatlarning oldini olishda samaradorlikni ta’minlashi kutilmoqda.