Toshkent viloyati Ohangaron tumanida huquq-tartibot idorasi xodimlariga hujum qilgan ikki yigitga sud hukmi o‘qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular 1 avgustdan 2 avgustga o‘tar kechasi Samarqanddan Namanganga yo‘lovchi sifatida yo‘lga chiqqan va haydovchi yoqilg‘i quyish shoxobchasida to‘xtaganda uning mashinasini olib qochgan.
Holatdan xabardor bo‘lgan mayor Nuribek Shodiyev ularni qo‘lga olishga harakat qilgan paytda, sudlanuvchilardan biri xodimga pichoq bilan tan jarohati yetkazgan va xizmat mashinasini ham olib qochgan. Keyinchalik ular Ohangaron tumani hududida yo‘l patrul xizmati xodimining to‘xtash haqidagi talabiga bo‘ysunmasdan, mashinani inspektor ustiga haydab og‘ir tan jarohati yetkazishgan.
Sud hukmiga ko‘ra, jinoyatchilardan biri 9 yil 6 oy, ikkinchisi esa 15 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.