Qonunchilik palatasi “Kapital bozori to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Hujjatga ko‘ra, mamlakatimizda islom moliyasi tamoyillariga asoslangan sukuk qimmatli qog‘ozlarini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Sukuk oddiy obligasiyadan farqli ravishda foizli qarz emas, balki real aktiv yoki loyihadagi ulushni ifodalaydi. Investor daromadni aynan shu faoliyat natijasidan oladi.
Bugungi kunda jahonda sukuk bozori hajmi 1 trillion dollardan oshgan. Mutaxassislar fikricha, ushbu mexanizm O‘zbekistonga yangi investisiyalar jalb qilish va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi.