Yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonda 45 ta uyushgan jinoiy guruh aniqlandi, deya xabar bermoqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.
IIV, DXX, Bosh prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarning hamkorlikdagi harakatlari bilan 6025 ta maxsus tezkor tadbir, jumladan, 806 ta tungi reyd, 2876 ta tintuv o‘tkazildi.
Xabarda aytilishicha, 116 ta tovlamachilik, 315 ta qurol-yarog‘ni noqonuniy saqlash, 86 ta qimorxona tashkil etish, 40 ta odam savdosi hamda 790 ta fohishaxona saqlash va OIV infeksiyasini tarqatish holatlari fosh etilgan. Qidiruvda bo‘lgan 533 nafar shaxs qo‘lga olingan.
Qurol bilan bog‘liq 315 ta ish bo‘yicha jami 4570 ta sovuq qurol, jumladan, 50 ta bita, 72 ta kastet, 4004 ta o‘tkir tig‘li jismlar musodara qilingan. Bundan tashqari, 5814 ta o‘q-dorilar va 3,7 kg portlovchi moddalar olib qo‘yilgan.
IIV ijtimoiy tarmoqlarda «kriminogen vaziyatga ta’sir ko‘rsatuvchi yoshlar va aholi orasida buzg‘unchi yot va jinoyat olami g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi» 47 ta akkaunt bloklanganini qayd etdi.