Bugun 5 dekabr, 2024 yil, payshanba

КИР

O‘zbekistonda hasharotlar tufayli yaroqsiz holga kelgan uy egalariga boshqa uy-joy beriladi

O‘zbekistonda hasharotlar tufayli yaroqsiz holga kelgan uy egalariga boshqa uy-joy beriladi

O‘zbekistonda termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylar yashash uchun yaroqsiz deb topilsa aholi boshqa uy-joy bilan ta’minlanadi. Bu haqda hukumatning 11 noyabrdagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Qaror bilan termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash va yashash uchun yaroqsiz deb topish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Ma’muriy reglamentga muvofiq ushbu davlat xizmati 2025 yil 1 yanvardan boshlab tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan tuziladigan Termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash komissiyasi tomonidan Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilishi belgilangan. Biroq Yagona portal ushbu xizmat 2024 yil noyabr oyidayoq ishga tushirilganini e’lon qildi.

Ariza beruvchilar davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun YAIDXPda ro‘yxatdan o‘tadi.

Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib murojaat etganda, tegishli so‘rovnoma Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan to‘ldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan so‘ng 10 daqiqa mobaynida komissiyaga elektron shaklda yuboriladi. YAIDXP orqali murojaat qilinganda esa so‘rovnoma avtomatik tarzda komissiyaga yuboriladi.

Komissiya 7 ish kuni davomida so‘rovnomani ko‘rib chiqib, uy-joy joylashgan hududga chiqqan holda quyidagilarni aniqlaydi:

  • uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganlik darajasini;
  • uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganligi natijasida uy-joyning texnik holatini;
  • uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganligi natijasida uy-joyda yashash imkoniyati mavjudligini;
  • uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganligi natijasida uy-joyni yaroqsiz holatga kelganligini.

O‘rganish natijasida komissiya tomonidan uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganligi natijasida yaroqsiz holatga kelganligini tasdiqlash yoki rad etish QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan holda rasmiylashtirilgan xulosa Davlat xizmatlari markaziga (shaxsan kelib murojaat etgan taqdirda) yoki YAIDXP orqali ariza beruvchiga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) yuboriladi.

Bunda o‘rganish natijasida uy-joyning yaroqsiz holatga kelganligi tasdiqlansa, xabarnoma qo‘shimcha ravishda tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga uy-joyni yashashga mo‘ljallanmagan joylar toifasiga o‘tkazish hamda uy-joy fondidan chiqarish masalasini ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.

Ariza beruvchiga berilgan xulosa kelgusida uni belgilangan tartibda davlat tomonidan uy-joy bilan ta’minlash uchun asos hisoblanadi.

Kiritildi: 10:55 04.12.2024. O'qildi: 694 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!