Bugun 4 fevral, 2023 yil, shanba

КИР

O‘zbekistonda «Eng zo‘r-2022» g‘oliblari e’lon qilindi

O‘zbekistonda  «Eng zo‘r-2022» g‘oliblari e’lon qilindi

Bugun, 26 noyabr kuni Toshkentdagi «Renessans Hall» zalida o‘zbek futboli va futzalining 2022 yilgi eng yaxshilarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. O‘FA va PFL tomonidan o‘tkazilgan «ENG ZO‘R Uz Football Awards-2022» marosimida yil davomidagi bir qator nominasiyalar g‘oliblari e’lon qilindi.

«O‘zbek futboli nuroniysi» - O‘zbek futboli tarixidagi eng yorqin yulduzlardan biri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi, «Shuhrat» medali sohibi — Birodar Abduraimov «O‘zbek futboli nuroniysi» sovrini bilan taqdirlandi.

«Fidoyilik ramzi» - qariyb 35 yildan buyon qo‘qonlik futbol muxlislari, Qo‘qonga tashrif buyurayotgan futbol jamoalari uchun xizmat qilayotgan inson, 70 yoshli Anvar Oxunov «Fidoyilik ramzi» sovrini bilan taqdirlanadi. «Qo‘qon-1912», «Turon», «Neftchi», «Do‘stlik-Oltiariq» kabi jamoalar muxlislari o‘z stadionlarini Anvar akaning ovozisiz tasavvur qila olmaydi.

«Feyr-pley» - Mavsum davomida eng kam byudjet aynan «Xorazm» futbol klubida edi. Superliganing ayrim jamoalari «Xorazm» klubining smetasidan 20 barobar ko‘piga ega. Shunga qaramay, xorazmlik futbolchilar haqiqiy iroda ko‘rsatdi. Yigitlar bir necha oy maosh olmagan holatida ham g‘urur va nomusidan voz kechmadi. Ular o‘z ota-onasi, oilasi va muxlislari uchun oxirigacha jang qildi. O‘ta kam smeta bilan Pro liganing to‘rtinchi jamoasi bo‘lish tahsinga sazovor.

«Eng yaxshi yoshlar murabbiyi» - O‘zbekiston U-18 jamoasi bosh murabbiyi Farhod Nishonov bu sovringa munosib topildi.

«Ayollar Oliy ligasi to‘purari» - «So‘g‘diyona-W» klubi yetakchisi Diyora Habibullayeva 37 ta gol bilan joriy mavsumning Ayollar Oliy ligasi to‘purariga aylandi.

«Ayollar Oliy ligasi yil futbolchisi» - «Sevinch» klubi vakilasi Maftuna Shoyimova «Ayollar Oliy ligasi yil futbolchisi» sovrinini qo‘lga kiritdi.

«Ayollar Oliy ligasi murabbiyi» - «Sevinch» klubi bosh murabbiyi Vladislav Xan «Ayollar Oliy ligasi murabbiyi» sovrinini qo‘lga kiritdi.

Yil hakamlari — Vadim Agishev va Roziyabonu Yusupova

O‘zbekistonning 2022 yildagi eng yaxshi yosh futbolchisi - Abbosbek Fayzullayev (Paxtakor va O‘zbekiston U20 jamoasi a’zosi).

19 yoshli yarimhimoyachi «Paxtakor» bilan Superligada chempion bo‘ldi, 21ta bahsda 5ta gol va 2ta assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. O‘zbekiston U-23 safida Osiyo kubogida kumush medalni qo‘lga kiritdi.

O‘zbekistonda 2022 yilning eng yaxshi futzal murabbiyi - Bahodir Ahmedov. Murabbiy O‘zbekiston milliy jamoasi bilan Osiyo Kubogida bronza medalini qo‘lga kiritdi, «Jizzax Kenteks»ni O‘zbekiston chempioniga aylantirdi.

O‘zbekistonning 2022 yildagi eng yaxshi futzalchisi - Husniddin Nishonov. Samarqand futzal maktabi tarbiyalanuvchisi O‘zbekiston milliy jamoasi safida Osiyo Kubogida bronza medalini qo‘lga kiritdi, «Jizzax Kenteks» bilan mamlakat chempioniga aylandi.

Pro ligada mavsumning eng yaxshi murabbiyi - Viktor Kumikov. Murabbiy «Andijon»ni Pro ligada chempion qilib, Superligaga qaytardi.

Pro ligada mavsumning eng yaxshi futbolchisi - Ro‘zimboy Ahmedov. 23ta gol urgan «Buxoro» hujumchisi to‘purar bo‘ldi va jamoasi bilan Superligaga qaytdi.

Pro liga, U-21 va ayollar chempionati translyasiyalari uchun Sports.uz sayti va sharhlovchi Xayrulla Hamidov maxsus sovrin bilan taqdirlandi.

Superligada yilning eng yaxshi murabbiyi – Ro‘ziqul Berdiyev. Uning qo‘l ostida «Nasaf» O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritdi, Superligada 3-o‘rinni egalladi.

Superliganing eng yaxshi futbolchisi va to‘purari – Dragan Cheran. Hujumchi 20ta gol bilan chempionatda to‘purar bo‘lib, «Paxtakor»ning chempion bo‘lishiga hissa qo‘shdi.

Superliga-2022 mavsumbning eng chiroyli goli muallifi - Islom Toshpo‘latov. «Surxon» yarimhimoyachisining «Qo‘qon-1912» (3:2) darvozasiga urgan supergoli nominasiyada g‘olib bo‘ldi.

O‘zbekistonning 2022 yildagi eng yaxshi murabbiyi - Temur Kapadze. Uning boshqaruvidagi O‘zbekiston U-23 milliy jamoasi Osiyo Kubogida finalgacha yetib bordi, uning qo‘l ostida Superligada debyut qilgan «Olimpik» mavsumni 6-o‘rinda yakunladi.

O‘zbekistonning 2022 yildagi eng yaxshi futbolchisi – Jamshid Iskanderov. Yarimhimoyachi «Navbahor» bilan Superligada va O‘zbekiston Kubogida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 29ta o‘yinda 9ta gol va 6ta assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.

Nominasiyalar e’lon qilingach, Superligada mavsum ramziy jamoasi aniqlandi:

Superliga-2022 ramziy jamoasi:

Darvozabon: O‘tkir Yusupov

Himoyachilar: Dilshod Saitov («Nasaf»), Husniddin Aliqulov («Nasaf»), Rustam Ashurmatov («Navbahor»), Farruh Sayfiyev («Paxtakor»)

Yarim himoyachilar: Abdurauf Bo‘riyev («Olimpik»), Sardor Sobirxo‘jayev («Paxtakor»), Xurshid G‘iyosov («Olimpik»), Otabek Jo‘raqo‘ziyev («Olimpik»), Jamshid Iskanderov («Navbahor»)

Hujumchi: Dragan Cheran («Paxtakor»)

Murabbiy: Maksim Shaskix («Paxtakor»).

Kiritildi: 21:11 26.11.2022. O'qildi: 2736 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!