AQSh prezidenti Donald Tramp Dubaydan Tel-Avivga uchgan Flydubai samolyotida yuz bergan mojaro haqida fikr bildirib, ikkinchi uchuvchini «terrorchi yoki aqli noraso inson» bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Hodisa samolyot Saudiya Arabistoni hududiga favqulodda qo‘nishidan oldin sodir bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ikkinchi uchuvchi samolyot komandiriga pichoq bilan hujum qilgan.
Trampning aytishicha, u Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan voqea haqida uzoq suhbatlashgan. Netanyahu unga samolyotda bo‘lgan isroillik yo‘lovchilardan biri kabinadagi baqiriqlarni eshitib, pilotlarga yordam berish uchun aralashganini aytgan.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, yo‘lovchi avval hech qachon samolyot boshqarmaganiga qaramay, shturvalni ushlab, samolyotni tekislashga muvaffaq bo‘lgan. U bu ma’lumotni Netanyahudan olganini, ammo uning haqiqat ekanini mustaqil ravishda tasdiqlay olmasligini ta’kidladi.
AQSh Davlat departamenti vakili samolyot bortida to‘rt nafar AQSh fuqarosi bo‘lganini tasdiqladi.
AQShning Er-Riyoddagi elchixonasi va Jiddadagi bosh konsulxonasi hodisani tergov qilayotgan mahalliy hokimiyat organlari bilan aloqada ekani ma’lum qilindi.
Isroil ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, Dubay — Tel-Aviv yo‘nalishidagi samolyot Iordaniya havo hududida bo‘lganida avval umumiy favqulodda holatni bildiruvchi 7700 kodini, keyin esa samolyotni egallab olish holatini anglatuvchi 7500 kodini bergan.
Xabarlarga ko‘ra, ikkinchi uchuvchi, ehtimol, Ummon fuqarosi bo‘lgan va samolyot komandiriga bir necha marta pichoq urgan. Bort kuzatuvchilari va ayrim yo‘lovchilar pilotlar kabinasi eshigini ochib, ikkinchi uchuvchini zararsizlantirgan.
Isroil bosh vaziri Netanyahu mutaxassislar «pilotlardan biri samolyotni qasddan halokatga uchratmoqchi bo‘lgan»ini ko‘rsatuvchi belgilarni aniqlaganini aytgan.
Shu bilan birga, BAAga tegishli Flydubai aviakompaniyasi kabinadagi janjal sabablari hozircha aniq emasligini ma’lum qildi.