O‘zbekistonda davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan «Davlat boshqaruvini 2030 yilgacha nomarkazlashtirish strategiyasi» loyihasida so‘z boradi.
Hujjatga ko‘ra, 2030 yilga qadar davlat xizmatlarining 20 foizi hamda davlat funksiyalarining 10 foizini xususiy sektorga o‘tkazish maqsad qilingan.
Loyihada qayd etilishicha, bu orqali davlat boshqaruvida ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirish, xizmatlar ko‘rsatish samaradorligini oshirish va raqobat muhitini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Strategiya doirasida qaysi xizmat va funksiyalar xususiy sektorga berilishi alohida tartibda belgilanadi. Bunda aholi va tadbirkorlar uchun xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari saqlab qolinishi nazarda tutilgan.
Mazkur takliflar hozircha jamoatchilik muhokamasida bo‘lib, strategiya Prezident farmoni bilan tasdiqlanishi rejalashtirilgan.