O‘tgan yilning noyabr oyida 1,1 milliondan ortiq oilaga bir martalik moddiy yordam berildi.
O‘zbekistonda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash doirasida bir oyda 1,2 trillion so‘m bir martalik moddiy yordam to‘lab berildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ehtiyojmand oilalarga elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha bazaviy me’yordan ortiq foydalanilgan qismi uchun kompensasiya to‘lab berilmoqda. Jumladan, elektr energiyasi bo‘yicha oyiga bazaviy me’yordan ortiq 150 kVt/soatgacha, tabiiy gaz bo‘yicha esa isitish mavsumida 250 kub metr, isitish mavsumidan tashqari davrda 150 kub metrgacha bo‘lgan ortiqcha iste’mol uchun bazaviy va oshirilgan tariflar o‘rtasidagi farq qoplanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil 1 maydan buyon bazaviy me’yordan ortiq energiya iste’mol qilgan 562,9 ming nafar ehtiyojmand oilaga jami 41,6 milliard so‘m kompensasiya to‘lab berilgan. Shundan 30 milliard so‘m elektr energiyasi, 11,6 milliard so‘m esa tabiiy gaz uchun ajratilgan.
Shuningdek, o‘tgan yilning noyabr oyida 1 million 161 mingdan ortiq ehtiyojmand oilaga 1,2 trillion so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam moliyalashtirilgani qayd etildi.
Avvalroq, qaysi oilalar “kambag‘al oila” toifasiga kiritilishi haqida ma’lumot berilgandi. Ta’kidlanishicha, 2026 yil 1 fevraldan “Ijtimoiy himoya yagona reestri” hamda Kambag‘al oilalar reestri negizida yagona Ijtimoiy reestr joriy etiladi.