Mahalliy ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, sobiq elchi Emilbek Uzoqboyevning qizi Meerim Uzoqboyeva davlat mulkini xususiylashtirishdagi korrupsiyada gumonlanib qo‘lga olingan. Gap Bishkekdagi “Qirg‘izayilkomok” korxonasi haqida ketmoqda. Ayni paytda ushbu kompaniya aksiyalarining 63 foizi Uzoqboyevlar oilasiga tegishli. 1993 yilda ommaviy xususiylashtirish to‘lqinida Emilbek Uzoqboyev korxonaning boshlang‘ich 0,5 foiz aksiyalarini sotib olgan. Keyingi 30 yil davomida u asta-sekin boshqa aksiyadorlardan ulushlarni xarid qilgan va shu tariqa aksiyalarning 63 foizini nazorat qilgan.
Advokat Akinbek Nogoyevning ta’kidlashicha, bu jarayonlar sodir bo‘lgan paytda gumonlanuvchi Meerim Uzoqboyeva 10 yoshda edi. U qizni korrupsiyada ayblashga urinishni bema’nilik deb atadi. Advokatning qo‘shimcha qilishicha, Meerim hozir ham ushbu aksiyalarga egalik qilmaydi va “Qirg‘izayilkomok” OAJ bosh direktori lavozimiga 2017 yildagina kelgan.
Advokatning fikricha, bu ish ortida ikkita asosiy sabab bo‘lishi mumkin. Bir tomondan, korxona hududi 10 gektardan ziyod bo‘lib, bu yer uy-joy qurish uchun yaroqli. Davlat shu sababli yer uchastkasidan foydalanmoqchi bo‘lishi mumkin va yer manfaati tufayli ish qo‘zg‘atilgan. Boshqa tomondan, Meerimning otasi, Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi sobiq elchisi hozirda “75 maktub” bo‘yicha hibsda qolmoqda.
Shu yilning fevral oyida 75 kishi prezident Sadir Japarov va Jogorku Kenesh (parlament) raisiga muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazishni so‘rab murojaat yo‘llagandi. Murojaat mualliflari keyinchalik qo‘lga olinib, ayrimlariga jinoiy ish ochilgan. Mazkur maktub ortidan Qirg‘iziston milliy xavfsizlik xizmati raisi, prezident Sadir Japarovning yaqin do‘sti Qamchibek Tashiyev lavozimidan ozod etilgandi. Japarov o‘zining so‘nggi intervyusida Tashiyevning “75 maktub”ga aloqadorligini tergov va sud aniqlashini aytgandi.