Bugun 11 iyul, 2025 yil, juma

КИР

O‘zbekistonda 40-50 yillik avtomashinalar iste’moldan chiqarilishi mumkin

O‘zbekistonda 40-50 yillik avtomashinalar iste’moldan chiqarilishi mumkin

Yaqinda e’lon qilingan statistikaga ko‘ra, 24 millionga yaqin qoidabuzarlik aniqlangan bo‘lib, ularning 19 milliondan ortig‘i tezlik bilan bog‘liq. Bu esa tizimda noto‘g‘ri ishlayotgan jihatlar borligini anglatadi.

Tezlik cheklovlari joy, vaqt va real zaruratga qarab belgilanishi lozim. Masalan, magistral yo‘lda, aholidan yiroq, ochiq hududda 130 km/soat tezlik nega man etilgan? Shu kabi savollar haydovchilarda tabiiy ravishda tug‘iladi.

Qoidaga qasddan va xavfli tarzda rioya qilmaganlarga nisbatan qat’iy jaza muhim — masalan, qizil chiroqda o‘tish, ikki karra tez yurish, avariya xavfi yaratish. Ammo har bir qoidabuzarlik uchun bir xil yondashuv emas, asosli farqlash zarur. Haydovchilarning fikrini ham inobatga olish kerak.

Davlat xizmat avtomobillariga imtiyoz berilmasligi kerak — tartib hamma uchun barobar bo‘lishi lozim. Bu masaladagi kechikkan qarorlar albatta qayta ko‘rib chiqilishi kerak.

40–50 yillik avtomobillarni bosqichma-bosqich foydalanishdan chiqarish — to‘g‘ri tashabbus. Hatto 25–30 yildan oshgan mashinalar uchun ham cheklov belgilash mumkin. Faqat bu jarayon odamlarga qo‘l keladigan, yechimli mexanizmlar orqali amalga oshirilishi kerak.

Ichki ishlar tizimida kadrlar sifati ham dolzarb muammo. Bu sohada o‘z ishini yaxshi biladigan, bilimli, jamiyatga namuna bo‘la oladigan mutaxassislar ishlashi lozim. Tizimga yaqinlar, tanishlar, jiyanlar emas — layoqatli insonlar kerak. Jamiyat formadagi xodim bilan faxrlanishi kerak.

Tartib — hayot uchun zarur. Lekin uni adolatli, aniq belgilash va jamoatchilik ishonchini qozonadigan usulda ta’minlash talab etiladi. Tartib bo‘lmasa — xavf tug‘iladi, lekin har bir cheklov ham oqilona va ehtiyojga asoslangan bo‘lishi shart,- deydi Alisher Qodirov.

Kiritildi: 15:37 10.07.2025. O'qildi: 920 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!