Savolga O‘zbekiston yoshlari ittifoqi viloyat kengashi raisi Abdulla ASLONOV javob berdi.
– O‘tgan yili Prezidentimiz yoshlar bilan uchrashuvida "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati faoliyatini tanqid qilib, mavjud kamchiliklarni sanab o‘tgandi. Sizningcha, ittifoqning o‘tgan bir yillik faoliyatida eski tizimdagi kamchiliklarga barham berildimi?
– Haqiqatan ham "Kamolot" YOIH faoliyatida kamchiliklar ko‘p edi. Shaxsan o‘zim ham ushbu tizimda ish olib borganman. Ammo yutuqlar ham yo‘q emasdi. Moddiy jihatdan quvvatlov yo‘qligi, salohiyatli kadrlar yetishmasligi sababli avvalgi tashkilotning qudrati yo‘q edi. Qudratsiz tashkilotga juda katta vazifalar yuklangandi. Bundan tashqari, faoliyat faqat tadbirbozlikdan iborat bo‘lib qolgandi.
Yoshlarning yutuqlarini maqtab ko‘rsataverganmiz. Ularning muammolarining ichiga kirmaganimiz, qiynayotgan masalalariga e’tibor qaratmaganimiz shunday muammolarning yig‘ilib qolishiga sabab bo‘ldi. Hozirda bu kamchiliklarni to‘liq bartaraf etdik, deb ayta olmayman. Sababi, bir yilda bunga erishish qiyin. Yuqorida ta’kidlaganimdek, endi biz amaliy ishlarga o‘tdik. Endi nafaqat iqtidorli yoshlarning iste’dodi ro‘yobga chiqarilmoqda, balki boshqa yoshlarning ham dardi tinglanmoqda, ularga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatilmoqda.
– Yoshlar ittifoqining hozirgi faoliyatida ham ko‘p tadbirlarga guvoh bo‘lyapmiz.
– To‘g‘ri, hozir ham tadbirlarimiz ko‘p. Ammo buni tadbirbozlik demagan bo‘lardim. Sababi, hozirgi tadbirlar aniq maqsadga yo‘naltirilgan, mazmun-mohiyati boy va samaradorligi ham o‘zgardi. Biz buning naqadar muhim ekanligini tushunib yetdik. Avval boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik yetarli bo‘lmagan. Buning natijasida tadbirlar bir-birini takrorlayvergan. Hozirda bunga barham berilib, tadbirlar hamkor tashkilotlar bilan qo‘shma loyihalar asosida tashkil etilmoqda.
Aytganimdek, endi yoshlar hayotining ichiga chuqurroq kirilmoqda, xonadonma-xonadon yurilmoqda. Endi tadbirlar bekorga, bejiz va beiz bo‘lmayapti. Birgina "Yosh kitobxon" ko‘rik-tanlovini olaylik. O‘tgan yili ushbu tanlovda ishtirok etish uchun 10 mingdan ziyod yoshlar murojaat etgandi. Viloyatimiz aholisining 2 milliondan ortig‘i yoshlar ekanligini hisobga olsak, bu juda kam. Bu yil 77 ming nafar yoshlar ko‘rik-tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan. Samaradorlik oshayotganligini shundan ham bilsa bo‘ladi.
G‘olib ABDUSALOMOV suhbatlashdi.
Manba: zarnews.uz