Tojikistonning Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan SOOMET Qo‘mitasining 38-yig‘ilishi doirasida o‘tkazilgan ovoz berish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Lazizbek Saidoripov ketma-ket ikkinchi muddatga SOOMET Prezidenti etib saylandi.
Mazkur qaror O‘zbekistonning xalqaro metrologiya sohasidagi nufuzi ortib borayotganini hamda mamlakat tomonidan SOOMET doirasida amalga oshirilayotgan tashabbuslar va hamkorlik xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanayotganini yana bir bor tasdiqladi.
1991 yilda tashkil topgan ushbu Yevroosiyo mintaqasi davlat metrologiya muassasalari hamkorligi (SOOMET) tashkilot prezidentligiga Polsha, Rossiya, Slovakiya, Ukraina, Belorusiya, Qozog‘istonning vakillari saylangan. 2024 yilda ilk bor O‘zbekiston vakili tashkilot rahbarligiga saylangan bo‘lsa, 2026 yilgi saylov natijasiga ko‘ra u ushbu lavozimni yana saqlab qoldi.
Yig‘ilish doirasida yana bir muhim natija qayd etildi. Ilk bor O‘zbekiston vakillari SOOMET tarkibiy organlariga rahbar etib saylandilar. Xususan, Azamat Taubaldiyev TQ 1.9 “Ionlashtiruvchi nurlanishlar va radioaktivlik” texnik qo‘mitasi raisi, Alisher Botirov esa IG 1.6.6 “Sarf o‘lchash” ishchi guruhi raisi etib saylandi.
Ushbu natijalar O‘zbekiston mutaxassislarining yuqori kasbiy salohiyati va xalqaro metrologiya hamjamiyatidagi nufuzi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
SOOMET doirasidagi faol ishtirok va rahbarlik lavozimlariga saylanish O‘zbekistonning xalqaro metrologiya maydonidagi mavqeini yanada mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni joriy etish hamda sohadagi xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, SOOMET Qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi 2027 yilda Qozog‘istonda o‘tkaziladi.