O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida atrof-muhitni muhofaza qilish va ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha amaliyot rahbari Gayane Minasyan bilan uchrashdi.
Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, ekologiya va iqlim sohasidagi dolzarb loyihalar doirasida samarali tajriba almashish, O‘zbekistonning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash” (“Resiland”) loyihasining amalga oshirilishi jarayoni ko‘rib chiqildi.
Mazkur loyihadan maqsad — O‘zbekiston o‘rmon xo‘jaligi tizimini modernizasiya qilish, cho‘llanish va eroziyaga qarshi kurashish, tanlangan hududlarda (Jizzax, Namangan, Samarqand, Qashqadaryo, Sirdaryo va Surxondaryo) o‘rmon landshaftlarini ko‘paytirish va transchegaraviy landshaftlarni tiklash bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik qilishga ko‘maklashishdan iborat.
Uchrashuvda havo ifloslanishining inson salomatligiga va iqtisodiy rivojlanishga salbiy ta’siri masalasi ham muhokama qilindi. Jahon banki ko‘magida Toshkent shahrida havo sifati baholanishi, Termizda monitoring ishlari olib borilishi, Namanganda esa navbatdagi loyiha yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgani qayd etildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ekologik xavfsizlik va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangani, 2025 yil mamlakatda “Atrof-muhitni asrash va ‘yashil’ iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingani hamda boshqa tashabbuslar haqida ma’lumot berildi va “2035 yilgacha atmosfera havosini muhofaza qilish strategiyasi” loyihasi taqdim etildi.
Qolaversa, energetika sohasida qayta tiklanuvchi manbalar ulushini 60 foizga yetkazish bo‘yicha qat’iy maqsadlar belgilangani ham ta’kidlandi.
Shu bilan birga, so‘nggi yillarda O‘zbekiston ekologiya va barqaror rivojlanish sohasida mintaqaviy va global miqyosda faol ishtirok etayotgani, Samarqand bu borada qator xalqaro konferensiyalarga mezbonlik qilgani ta’kidlandi. O‘z navbatida Jahon banki vakillari O‘zbekistonning ekologik islohotlari, iqlim o‘zgarishiga moslashish siyosati hamda xalqaro miqyosdagi faol pozisiyasini yuqori baholadi.
Jahon banki delegasiyasiga Samarqandda 2025 yil 24 noyabrdan 5 dekabrgacha o‘tkaziladigan CITES COP20 xalqaro konferensiyasi, 2026 yil 31 may – 5 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan GEFning 8-Assambleyasi va “Eco Expo Central Asia – 2026” ko‘rgazmasiga qatnashish hamda ko‘rgazmada o‘z pavilyonini tashkil qilib, global “yashil” tashabbuslarni namoyish etish taklif qilindi.
Yakunda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, ekologik loyihalar samaradorligini oshirish va barqaror rivojlanishga qo‘shilayotgan hissani kengaytirishga kelishib olindi.