Antaliya shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 31-konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida Aleksandr Stubbning o‘tgan yili O‘zbekistonga rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zaro savdo hajmini oshirish, metallurgiya, energetika va geologiya sohalaridagi qo‘shma loyihalarni jadallashtirish hamda ekologiya va suv resurslari sohalaridagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
2027 yil boshida Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va biznes forumini o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.