AQSh tomonidan Eron aviakompaniyalariga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar sababli Iroq Eron milliy futbol terma jamoasi bo‘lgan samolyotning Basra aeroportiga qo‘nishiga ruxsat bermadi.
Bu haqda Reuters manbalarga tayanib ma’lum qildi.
«Samolyot Eronga qaytib, Abadon aeroportiga qo‘ndi. Shundan so‘ng jamoa Basra shahriga quruqlik orqali yo‘l oladi», — dedi Eronning Basradagi konsulxonasi vakili.
Eron terma jamoasi Basra shahrida bo‘lib o‘tadigan to‘rt mamlakat ishtirokidagi turnirda qatnashish uchun Iroqqa yo‘l olgan edi. Musobaqada Erondan tashqari Iroq, Livan va Falastin terma jamoalari ham ishtirok etadi.
Iroq fuqaro aviasiyasi vakili mamlakat Eron aviakompaniyalariga nisbatan AQSh sanksiyalarini buzish xavfini o‘z zimmasiga ololmasligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyida Iroq AQSh Eron aviakompaniyalariga xizmat ko‘rsatuvchi aeroportlar va kompaniyalarga nisbatan ikkilamchi sanksiyalar joriy etish bilan tahdid qilganidan so‘ng Eron aviakompaniyalarining Bag‘dod aeroportiga parvozlarini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi.