Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
2026 yil 18 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi nomidan birodar Afg‘oniston xalqiga insonparvarlik yordami yetkazildi.
Mazkur ezgu tashabbus Ramazon hayiti munosabati bilan afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlash hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi yaqin qo‘shnichilik va do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash maqsadida amalga oshirildi.
Umumiy og‘irligi 290 tonnadan ziyod bo‘lgan insonparvarlik yuki – un, guruch, bug‘doy, o‘simlik yog‘i, tez tayyorlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari, makaron, qandolat va boshqa turdagi mahsulotlardan iborat.
Insonparvarlik yukini rasman topshirish marosimi Hayraton shahrida bo‘lib o‘tdi.
Marosimda so‘zga chiqqan Balx viloyati gubernatori o‘rinbosari Mavlaviy Abu Idris, Tashqi ishlar vazirligining Balx viloyati bo‘linmasi rahbariyati, shuningdek, Hayraton shahar hokimligi vakillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga afg‘on xalqiga doimiy ko‘rsatib kelinayotgan e’tibor, g‘amxo‘rlik, amaliy qo‘llab-quvvatlash va birdamlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Tadbirda, shuningdek, O‘zbekistonning Afg‘onistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Oybek Usmanov hamda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi.