Eronda kassetali bombalarni zararsizlantirish chog‘ida Islom inqilobi soqchilari korpusining (IISK) kamida 14 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi, yana ikki kishi yaralandi, deb xabar bermoqda «Tasnim» agentligi.
Qayd etilishicha, IISK harbiylari shu vaqtga qadar Zanjon provinsiyasida 15 mingdan ortiq portlamay qolgan o‘q-dorilarni zararsizlantirishga muvaffaq bo‘lgan.
«Bugun ana shunday missiyalardan biri (kassetali bombalarni zararsizlantirish) davomida 14 nafar fidoiy jangchi halok bo‘ldi, ikki nafari esa jarohat oldi», — deyiladi nashr xabarida.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, dushmanning kassetali bombalar va aviasiya minalaridan foydalangan holda bergan havo zarbalaridan so‘ng, provinsiyaning qator hududlari, jumladan, 1,2 ming gektarga yaqin qishloq xo‘jaligi yerlari xavf ostida qolgan.