“Manchester Siti” yarim himoyachisi Rayan Sherki haqida uning sobiq jamoadoshi Jorj Mikautadze fikr bildirib, fransiyalik futbolchiga katta baho berdi.
Hozir “Vilyarreal” safida harakat qilayotgan hujumchi ilgari o‘zi bilan birga “Lion”da o‘ynagan Sherkini “Barselona” yulduzi Lamin Yamaldan ustun qo‘ydi.
- Futbolchi sifatida bunday o‘yinchilarni ko‘rish yoqadi. Sherki Yamaldan kuchliroq. Chunki Sherki – bu Sherki. U ikki oyoqda ham birdek yaxshi o‘ynaydi. Unda maydonni ko‘rish qobiliyati kuchli, gol uradi, golli vaziyat yaratadi, standartlarni ijro etadi. U hammasini qila oladi, - dedi Jorj Mikautadze Canal Plus jurnalistlariga bergan intervyusida.
Mikautadze o‘tgan mavsum “Lion”da Sherki bilan birga to‘p surgan va ular 34 uchrashuvda birga maydonga tushgan.
22 yoshli Sherki o‘tgan yozda 34 million funt evaziga “Lion”dan “Manchester Siti”ga transfer qilindi. U debyut mavsumidayoq jamoaning eng yaxshi futbolchilaridan biriga aylandi.
Joriy mavsumda fransuz futbolchisi barcha musobaqalarda 46 o‘yinda qatnashib, 23 ta golda bevosita ishtirok etdi.