Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya fuqarosi deb taxmin qilingan shaxsning o‘zbeklarga nisbatan shovinistik va ochiq haqoratomuz bayonotlari aks etgan video tarqaldi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi ushbu videoga munosabat bildirdi.
Uning ta’kidlanshicha, media kun tartibini diplomatik kun tartibdan ajratish zarur. Vaqti-vaqti bilan OAVlarining kun tartibida ba’zi voqealar yoki bayonotlar tufayli shovqinlar paydo bo‘ladi. Lekin ular voqelikni to‘g‘ri aks ettira olmasligi, ba’zan esa uni juda buzib ko‘rsatishi mumkin.
Shu munosabat bilan OAV va bloglar olami vakillari tasdiqlanmagan materiallarni tarqatmaslikka chaqirdi.
"Qaysi millatga mansub bo‘lishidan qat’iy nazar, xalqimizga qarata aytilayotgan bunday gaplarni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi. O‘zbekiston o‘z fuqarolarining huquqlari, sha’ni va qadr-qimmatini qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar doimo himoya qilgan va himoya qiladi.
Biz axborot maydonini muntazam ravishda kuzatib boramiz. Ushbu video internetda topilishi bilanoq, Rossiya tomoniga diplomatik kanallar orqali zudlik bilan murojaat qilingan.
Bunday paytlarda asl manbani topish va materialning haqiqiyligini tekshirish juda muhimdir.
Tabiiyki, Rossiya tomoni shu zahotiyoq «Bunday haqoratomuz bayonotlar, kim tomonidan aytilishidan qat’i nazar, chuqur afsuslanarliligi»ni ta’kidladi.
Tekshiruvlar natijasida ushbu material provokasion xususiyatga ega bo‘lib, xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarga nizo keltirib chiqarishga urinayotgan buzg‘unchi kuchlar tomonidan to‘qib chiqarilgani ma’lum bo‘ldi.
Rossiya tomonining xabar berishicha, videoda tilga olingan shaxs Rossiya Federasiyasi fuqarosi emas. Hozirda Rossiyaning rasmiy OAVlari ham bu borasida qator materiallarni e’lon qilmoqda.
Yana bir bor barchaga har qanday axborot materialini tarqatishda mas’uliyat bilan yondashish zarurligini eslatib o‘tamiz. Tasdiqlanmagan manbalardan olingan kontentni targ‘ib qilishni nomaqbul deb hisoblaymiz" — deyiladi bayonotda.