Kecha Politico nashri uch nafar yevropalik diplomatga tayanib, Yevropa Ittifoqi davlatlari guruhi Yevropada boshpana berish rad etilgan migrantlar uchun 8–10 ta mamlakat hududida markazlar tashkil etishni taklifi haqida yozdi.
Nashr manbalaridan birining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston va Qozog‘iston noqonuniy migrantlarni uchinchi davlatlarga badarg‘a qilish jarayonida YEIning ehtimoliy hamkorlari qatoridan joy olishi mumkin.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyevning ma’lum qilishicha, ushbu ko‘tarilgan masala haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. TIV vakili boshqa tafsilotlarga to‘xtalmadi.
Shuningdek, Yevroittifoqning O‘zbekistondagi delegasiyasi ushbu masala muhokamada emasligini bildirdi.
Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro axborot qo‘mitasi raisi Yerlan Jetibayev ham diplomatlar bunday turdagi muzokaralar olib bormaganini ma’lum qilgan.