Bugun 17 oktyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Zelenskiy Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlarni qayta boshlashga buyruq berdi

Zelenskiy Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlarni qayta boshlashga buyruq berdi

Ukraina AQShni Rossiyaga yordam berayotganlikda ayblamoqda.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga (NQIZ) zarbalarni qayta boshlashga qaror qildi. Avvalroq u AQSh prezidenti Donald Tramp va milliarder Ilon Maskni ukrainalik harbiylarning Starlink tizimidan foydalanish imkoniyatini cheklayotganlikda ayblagan edi. Vashington va Kiyev o‘rtasidagi keskinlik kuchaymoqda.

Zelenskiy Financial Times nashriga bergan intervyusida Tramp e’lon qilgan «energetik sulh»ga rioya qilish maqsadida Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlarni uch kunga to‘xtatganini aytdi. Biroq Moskva Ukraina energetika ob’ektlariga hujumlarni davom ettirgan. Shu sababli Ukraina ham javob zarbalarini qayta boshlamoqda.

Zelenskiy Londonga tashrifi chog‘ida Trampni keskin tanqid qildi.

«Agar siz ikki tomonning o‘rtasida bo‘lsangiz, o‘rtada qolishingiz kerak, noto‘g‘ri tomonning yonini olmasligingiz lozim. Menimcha, Trampning maslahatchilari xato qilmoqda. Uni noto‘g‘ri tomonga kim undayotganini bilmayman. Bu tarixning siz turishingiz kerak bo‘lgan tomoni emas», — dedi Ukraina prezidenti.

Zelenskiy, shuningdek, Ukraina o‘z hududlarini hech kimga bermasligini ta’kidladi.

«Biz erimizni sotmaymiz. Quloq soling, odamlar, gap biz uchun qandaydir bitimlar haqida emas. Gap bizning hayotimiz haqida ketmoqda», — deya qayd etdi u.

Avvalroq Ukraina hukumatining yuqori martabali vakili AQShni Rossiyaning raketa zarbalari haqidagi razvedka ma’lumotlarini uzatishni to‘xtatish va Starlink tizimidan foydalanishni cheklash orqali Vladimir Putinga manfaatli vaziyat yaratishda ayblagan edi.

«Rossiyaga qandaydir sababga ko‘ra yordam berilayotgani ayon», — dedi ukrainalik rasmiy.

Uning ta’kidlashicha, AQSh ikki marta Rossiya raketalari uchirilgani haqida Ukrainani ogohlantirmagan. Bundan tashqari, Starlink interneti tezligi ham cheklangan.

Starlink — Ilon Maskka tegishli SpaceX kompaniyasining sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimi bo‘lib, Ukraina armiyasi uchun frontdagi muhim aloqa vositalaridan biri hisoblanadi.

Ukrainaning tanqidlariga javoban Mask tizim AQShga tegishli ekanini va uning faoliyati o‘z nazoratida ekanini ta’kidlagan. Uning izohiga ko‘ra, har qanday cheklovlar AQSh harbiylari va yakunda mamlakat prezidenti tomonidan belgilanadi.

AQSh hukumati vakili esa razvedka ma’lumotlarini almashish to‘xtatilgani haqidagi ayblovlarni rad etdi.

NATO bosh kotibi Mark Ryutte Donald Tramp unga AQSh va Ukraina o‘rtasidagi razvedka ma’lumotlari almashinuvi to‘xtatilmaganini bildirganini ma’lum qildi.

Evropa Ittifoqi ham Ukrainaga axborot uzatish to‘xtatilganiga oid «hech qanday belgilarni» ko‘rmayotganini bildirdi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful esa Berlinda AQShning Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordami «sezilarli darajada kamayganini» kuzatmayotganini aytdi.

Kiritildi: 19:16 15.10.2026. O'qildi: 1129 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!