Bugun 16 oktyabr, 2026 yil, juma

КИР

AQSh Eronning yadroviy ob’ektlariga «barcha bombalar onasi»ni tashlashni rejalashtirmoqda

AQSh Eronning yadroviy ob’ektlariga «barcha bombalar onasi»ni tashlashni rejalashtirmoqda

AQSh harbiylari Eronning yadroviy ob’ektlariga yangi zarbalar berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda CNN telekanali xabar berdi. Hujumlar davomida «barcha bombalar onasi» deb nomlanuvchi GBU-43/B MOAB bombasidan foydalanish ehtimoli ham muhokama qilinmoqda.

Ushbu bomba AQSh arsenalidagi eng kuchli yadroviy bo‘lmagan bomba hisoblanadi. Uning og‘irligi qariyb 9,5 tonnani tashkil etadi. CNN bilan suhbatlashgan, bu masaladan xabardor bir nechta rasmiy shaxs bunday variant ko‘rib chiqilayotganini tasdiqlagan.

Nashr manbalari ehtimoliy nishon sifatida ostida yadroviy ob’ekt joylashgan Pikaks tog‘ini tilga olgan. Biroq «barcha bombalar onasi» mazkur ob’ektni yo‘q qila oladimi-yo‘qmi, hozircha aniq emas. Sababi, inshoot yer ostida katta chuqurlikda joylashgan.

Manbalardan biri bunday bombardimonning asosiy maqsadi harbiy inshootni yo‘q qilishdan ko‘ra, ruhiy bosim o‘tkazish va Erondagi ruhoniylar hokimiyatini qo‘rqitish bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.

The Wall Street Journal nashrining yozishicha, Tehron yangi zarbalar ehtimolini kutib, o‘zining yadroviy ob’ektlarini mustahkamlamoqda.

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, AQShning Eronga qarshi harbiy harakatlari 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Kongress saylovlaridan sal oldin yoki saylovlardan keyin qayta boshlanishi mumkin.

Oq uy CNN telekanalining MOAB bombasidan ehtimoliy foydalanish rejalari haqidagi savollariga izoh berishdan bosh tortdi.

Ma’muriyat vakili faqat Donald Tramp Eron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmasligini kafolatlash uchun «barcha variantlarni ochiq qoldirayotganini» ma’lum qildi.

Kiritildi: 19:27 15.10.2026. O'qildi: 678 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!