Bugun 16 oktyabr, 2026 yil, juma

КИР

HAMAS rahbarining kichik o‘g‘li maktub yozdi

HAMAS rahbarining kichik o‘g‘li maktub yozdi

2024 yil 16 oktyabr kuni Isroil harbiylari G‘azo sektorida HAMAS terrorchilik tashkiloti rahbari, 2023 yil 7 oktyabrda Isroilda sodir etilgan ommaviy qotilliklarning asosiy tashkilotchisi Yahyo Sinvarni o‘ldirdi.

BILD nashriga ma’lum bo‘lishicha, Isroil harbiylari operasiya hududida Sinvarning o‘n yoshli o‘g‘li Ibrohimga tegishli maktubni topgan. Uning mazmuni bolaga kichik yoshidan boshlab yahudiylarga nisbatan nafrat singdirilganini ko‘rsatadi.

«Men, Ibrohim, mehribon va rahmli Alloh nomi bilan. Sevimli dadajon, men sizni juda sog‘indim! Sizni quchoqlashni va g‘alaba qozonganingizni ko‘rishni xohlayman. “Allohu akbar” deb baqirishni, qo‘limga Kalashnikov avtomati olib, yahudiylarga qarata o‘q uzishni istayman. Qachon qaytib kelasiz va yana meni quchoqlab uxlaysiz?» — deyiladi maktubda.

Maktubga Ibrohim chizgan rasmlar ham ilova qilingan. Ularda, jumladan, ivrit tilidagi yozuvlar tushirilgan tank, qurollangan jangarilar, raketalar va, ehtimol, harbiy chegara inshooti tasvirlangan.

Maktubning davomida shunday deyiladi:

«Bo‘sh vaqtimda qog‘oz va kartondan to‘pponcha, tanklar va Kalashnikov avtomatlarini yasayman. Ey Rabbim, urush tugasin va men sizni yana tirik, sog‘-salomat ko‘ray. Alloh sizni asrasin, dadajon. Men uchun duo qilishingizni xohlayman. Sizga tinchlik, Allohning rahmati va barakoti bo‘lsin».

Islomchilik masalalari bo‘yicha taniqli ekspert va bir qator kitoblar muallifi Ahmad Mansur maktubni haqiqiy deb hisoblaydi. Arab-falastin kelib chiqishiga ega bo‘lgan Mansur BILD nashriga bergan izohida shunday deydi:

«Bu nafaqat HAMASning tarbiya usullariga mos keladi, balki Falastin jamiyatining ayrim qatlamlarida, ayniqsa, G‘azo sektorida chuqur ildiz otgan. Yahudiylarga nisbatan nafrat — e’tibor bering, u isroilliklar haqida emas, aynan yahudiylar haqida gapirmoqda — va ularni o‘ldirish shu darajada odatiy holga aylantiriladiki, hatto kichik bolalar ham bu haqda orzu qila boshlaydi».

Quddusdagi Ibroniy universitetining harbiy tarix professori Denni Orbax ham maktubning haqiqiy ekaniga «deyarli ishonch komil» ekanini bildirdi.

Uning fikricha, «maktub HAMAS rahbarlari, tashkilotning ashaddiy tarafdorlari va ularning oila a’zilari orasidagi o‘ziga xos o‘lim kultini yaqqol namoyon etadi».

BILD nashrining G‘azo sektorida olib borgan surishtiruviga ko‘ra, HAMAS endi o‘z safiga voyaga yetmaganlarni ham jalb qilmoqda. Nashr ta’kidlashicha, zo‘ravonlikka asoslangan islomchilik mafkurasi va yahudiylarga nisbatan nafrat G‘azo sektorida hatto bolalar ongida ham chuqur ildiz otgan.

Bu holatga 2023 yil 7 oktyabrdagi voqealar guvohlarining hikoyalari ham misol qilib keltirilgan.

HAMAS jangarilari xotini va uch yoshli qizi bilan birga garovga olgan Alon Gat G‘azodan Isroilning Beeri kibusiga talonchilik qilish uchun kelgan bola bilan uchrashuvini eslaydi.

«Bola taxminan o‘n ikki yoshlarda edi. U bungacha jasadlarni ko‘rganiga ishonchim komil. U menga, men esa unga va qizimga qaradim. Uning ko‘zlarida zarracha ham hamdardlikni ko‘rmadim. U uchun odamlar mutlaqo ahamiyatsiz edi», — deb eslaydi Alon Gat.

Kiritildi: 20:24 15.10.2026. O'qildi: 759 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!