Toshkent xalqaro investisiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Air Products” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Eduardo Menezesni qabul qildi.
Mamlakatimizda yuqori texnologiyali sanoat korxonalarini barpo etishga faol investisiya kiritayotgan AQShning mazkur kompaniyasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
“Air Products” sanoat gazlarini ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha jahonning yetakchi kompaniyalaridan biri bo‘lib, uning bozor kapitallashuvi 60 milliard dollardan oshgan. Kompaniya har yili 50 dan ortiq mamlakatda 200 million tonna sanoat gazlarini ishlab chiqarib, 750 ga yaqin ishlab chiqarish ob’ektlarini o‘z ichiga olgan tarmoqni boshqaradi.
Ayni paytda kompaniyaning yurtimizga yo‘naltirgan investisiyalarining umumiy hajmi 1 milliard dollardan oshgan. “GTL Uzbekistan” zavodida sanoat gazlarini qayta ishlash, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida vodorod ishlab chiqarish hamda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida suyuq uglerod dioksidi ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar hamda Toshkent va Qarshi shaharlarida ta’lim dasturlari amalga oshirilgan.
Uchrashuv yakunida kompaniya ishtirokidagi yangi loyihalarni amalga oshirishni “yo‘l xaritasi” asosida jadallashtirish yuzasidan kelishib olindi.