Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penya rasmiy delegasiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.
O‘zbekiston bilan Paragvay o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston yetakchisi Paragvay rahbarini samimiy qutlar ekan, Lotin Amerikasi davlati Prezidenti tomonidan O‘zbekistonga ilk bor amalga oshirilayotgan ushbu tashrif tarixiy ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Mazkur sammit ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirishda yangi davrni boshlab berishi ta’kidlandi.
Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikni, jumladan, savdo-iqtisodiyot, madaniy-gumanitar, ta’lim va boshqa sohalarda kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
O‘zaro savdoni ko‘paytirish, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va kimyo sanoati, raqamlashtirish, turizm hamda sport sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish va o‘zaro manfaatli sohalarda amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorligini tasdiqladilar.