Toshkent bir chorakda 25 tonna oltin sotib oldi va dunyodagi eng yirik qimmatbaho metall xaridorlari uchligiga kirdi.
O‘zbekiston Markaziy banki 2026 yilning birinchi choragida dunyodagi eng yirik oltin xaridorlaridan biriga aylandi. Toshkent 25 tonna qimmatbaho metall sotib olib, jahon regulyatorlari orasida ikkinchi o‘rinni egalladi. Oltin xaridi bo‘yicha Polsha 31 tonna bilan yetakchilik qildi, undan keyin O‘zbekiston, so‘ng Qozog‘iston (13 tonna) va Xitoy (7 tonna) joy oldi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (WGC) ma’lumotlarida aytilgan.
Mart oyida O‘zbekiston Markaziy banki 9 tonna oltin xarid qildi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha faqat 11 tonna sotib olgan Polsha regulyatoridan ortda qoldi. Mart oyidagi boshqa yirik xaridorlar qatorida Qozog‘iston (+6 tonna), Xitoy (+5 tonna), Chexiya va Gvatemala (har biri +2 tonnadan) qayd etildi.
Boshqa tomonda esa sotuvchilar turibdi: mart oyida jahon markaziy banklari jami 66 tonna oltin sotdi. Asosiy hajm Turkiya (60 tonna) va Rossiya (6 tonna) hissasiga to‘g‘ri keldi.
2026 yil aprel oyi boshiga kelib, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 68,9 milliard dollarni tashkil etgan.