➡️ Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida bir nechta mansabdor shaxslarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
1️⃣ Jumladan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Davlat mulki ob’ektlaridan samarali foydalanish markazining Andijon viloyati hududiy boshqarmalari tomonidan mahalliy tadbirkor bilan Izboskan tumanidagi ko‘chmas mulk ob’ektini asosiy to‘lovlarini to‘lash sharti bilan sotib olish haqida tuzilgan uch tomonlama shartnoma shartlariga tadbirkor rioya qilmagani ro‘kach qilinib, shartnomani bekor qilish, ustama va jarima undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga apellyasiya shikoyati kiritilgan.
Bundan xabardor bo‘lgan Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali sud ajrimini tadbirkor foydasiga hal etish va tuzilgan shartnomani bekor qilmaslik evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilgan.
Bosh mutaxassis so‘ralgan pul mablag‘ini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.
2️⃣ Boshqa holatda esa “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filiali muhandisi Andijon tumanida faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorning sholi quritish sexida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilganligi holati yuzasidan rasmiylashtirilgan dalolatnoma bo‘yicha 650 mln so‘m zarar hisoblanishini aytib, uni 40 mln so‘mga kamaytirib berish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilib, 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
3️⃣ Viloyat tumanlaridan birining Kadastr bo‘limi boshlig‘i 1959 y.t. fuqaroga uy-joy qurishi uchun 8 sotix va dehqon xo‘jaligi tashkil qilishi uchun 17 sotix yer ajratib berish evaziga muqaddam 3 ming AQSh dollari olgan.
Shuningdek, u fuqaroga 8 sotix yer ajratilganligi haqida soxta hujjat rasmiylashtirib bergan.
Joriy yilning yanvar-fevral oylarida o‘tkazilgan xatlov jarayonida ushbu yer maydoni noqonuniy ajratilganligi aniqlanib, fuqaroga nisbatan 82 mln so‘m jarima qo‘llanilgan.
Kadastr mansabdori esa 3 ming AQSh dollarini uchinchi shaxs orqali qaytarib bergan vaqtida fosh etildi.
Hozirda uchala holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
🌟 Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz DXXning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.