O‘zbekiston fuqarolarining mehnat migrasiyasi geografiyasi sezilarli darajada o‘zgarmoqda: Rossiya hamon asosiy yo‘nalish bo‘lib qolmoqda, biroq tobora ko‘proq ishchilar Yevropa va Osiyo davlatlarini tanlamoqda.
O‘zbekiston Migrasiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning qariyb 1,4 million fuqarosi 40 ga yaqin davlatda mehnat qilmoqda. Mehnat migrantlarining yarmidan ko‘pi Rossiyada: taxminan 60 foiz yoki 834,2 ming nafar o‘zbekistonlik ishchi Rossiyada ishlamoqda. Yevropa davlatlarida 258 ming, Qozog‘istonda — 84,4 ming, Turkiyada — 72,1 ming, Janubiy Koreyada esa 46,4 ming nafar fuqaro mehnat qilmoqda. Yana qariyb 100 ming kishi boshqa davlatlarda ishlayapti.
Shu bilan birga, Rossiya va boshqa MDH davlatlarining mehnat migrasiyasidagi ulushi kamaymoqda. O‘tgan yili O‘zbekistondan MDH davlatlariga migrasiya 29 foizga kamaygan bo‘lsa, Yevropaga migrasiya 42 foizga, Osiyo davlatlariga esa 26 foizga oshgan.
Toshkent 20 dan ortiq davlat bilan uyushgan mehnat migrasiyasi bo‘yicha kelishuvlar tuzgan. Ustuvor hamkorlar qatorida Germaniya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Bolgariya, Ruminiya, Slovakiya, Serbiya va Yaponiya bor. Yangi yo‘nalishlar sifatida AQSH, Italiya, Shvesiya, Fransiya va Sloveniya ham shakllanmoqda.
Ekspertlar bahosiga ko‘ra, yangi yo‘nalishlarni tanlashga ish haqi darajasi, mehnat sharoitlari va migrasiya siyosatidagi o‘zgarishlar ta’sir qilmoqda. Yevropa va Osiyoning ayrim davlatlarida ishchi kuchining yetishmasligi va aholining qarishi tufayli qo‘shimcha talab shakllanmoqda.
O‘zbekistonning o‘zi ham uyushgan va qonuniy mehnat migrasiyasi kanallarini kengaytirib, malakali va yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlariga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Faqat yilning birinchi yarmida xorijda ana shunday ish o‘rinlariga 124,5 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi joylashtirilgan.
O‘zbekistonlik ishchilar savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari, sog‘liqni saqlash, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, sanoat va qurilish, shuningdek, neft-gaz va konchilik sohalarida mehnat qilmoqda. Yevropada sog‘liqni saqlash va keksalarga qarash sohalari istiqbolli yo‘nalishlar hisoblanadi. Saudiya Arabistonida qurilish, texnik sohalar va sog‘liqni saqlash mutaxassislariga talab ortib bormoqda. BAAda esa mehmonxona va restoran biznesi, turizm, aviasiya hamda logistika sohalariga talab yuqori.
Bu o‘zgarishlar pul o‘tkazmalarida ham aks etmoqda. 2026 yilning birinchi choragida ular hajmi yillik hisobda 13 foizga oshib, 3,8 milliard dollarga yetdi. Shu bilan birga, Rossiyaning ulushi 77,6 foizdan 72,4 foizga tushdi. Qozog‘iston va Janubiy Koreyaning har biri 4,1 foizdan, Yevropa davlatlarining ulushi esa 3,3 foizni tashkil qildi. Umumiy hajmning 2,75 milliard dollari Rossiyadan, qariyb 1,05 milliard dollari esa boshqa davlatlardan kelgan.
2025 yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 27,2 foizga oshib, 18,9 milliard dollarga yetdi. Bu mamlakat YAIMining qariyb 13 foiziga teng.
Migrasiya masalalari bo‘yicha ekspert Alisher Hamdamovning ta’kidlashicha, Rossiya-Ukraina mojarosi, rubl kursining zaiflashishi va migrasiya siyosati qat’iylashishi fonida Rossiyaning mehnat migrantlari uchun jozibadorligi pasaymoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadagi iqtisodiy va ma’muriy sharoitlar avvalgidek jozibador emas, rublning zaiflashishi esa migrantlar ishlab topgan mablag‘larni vataniga o‘tkazganda ularning qiymatini pasaytirmoqda. Xorijlik ishchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish va ishlash uchun ruxsatnoma olishga qo‘yilayotgan talablarning kuchaytirilishi ham qo‘shimcha omil bo‘lgan.
Hamdamovning qayd etishicha, Yevropa va Osiyo davlatlari o‘zbekistonlik ishchilarni yuqoriroq ish haqi va tartibga solingan mehnat sharoitlari bilan jalb qilmoqda. Endi migrantlar mamlakat tanlashda nafaqat daromadni, balki mehnat xavfsizligi, ijtimoiy kafolatlar va qonuniy ishlash imkoniyatini ham hisobga olmoqda.