Bugun 21 oktyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

O‘zbekiston Kubogi: «Neftchi» musobaqani tark etdi, «Andijon» va OKMK yarim finalda

O‘zbekiston Kubogi: «Neftchi» musobaqani tark etdi, «Andijon» va OKMK yarim finalda

O‘zbekiston Kubogida yarim final yo‘llanmalari uchun kechgan uchta bahs o‘z nihoyasiga yetdi. Chorak finalda «Lokomotiv», «Andijon» va OKMK raqiblarini mag‘lub etib, sovrin uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi.

Kunning eng sermahsul uchrashuvi Farg‘onada kuzatildi. Mahalliy «Neftchi»ni mehmon qilgan «Lokomotiv» birinchi bo‘limdayoq to‘rtta gol urib, yakunda 4:2 hisobida zafar quchdi.

Poytaxtliklar safida Jasurbek Yaxshiboyev ikki bor darvozani ishg‘ol qilgan bo‘lsa, Bilol Tupliyev va Diyorjon Turopov ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Farg‘onaliklarning javob gollariga Xurshid G‘iyosov va Abror Ismoilov mualliflik qildi. Qizig‘i, barcha oltita to‘p tanaffusga qadar kiritildi.

Jizzaxda esa «Andijon» mezbon «So‘g‘diyona»ni 2:1 hisobida yengdi. Uchrashuvning 60-daqiqasida Petar Michin o‘z darvozasiga gol kiritib qo‘ydi. Keyinchalik Martin Boake mehmonlarning ustunligini oshirdi. Sardorbek Jamolov o‘yin oxirida hisobni qisqartirganiga qaramay, jizzaxliklar mag‘lubiyatdan qutula olmadi.

Olmaliqda o‘tgan bahsda OKMK Birinchi liga vakili «Guliston» qarshiligini yengdi. Birinchi taymda hisob ochilmagan bo‘lsa-da, tanaffusdan keyin Ivan Peshich va Nodirbek Abdurazzoqovning gollari mezbonlarga 2:0 hisobidagi g‘alabani taqdim etdi. Har ikki golga Aziz Xolmurodov assistentlik qildi.

O‘zbekiston Kubogi. Chorak final natijalari:

«Neftchi» — «Lokomotiv» 2:4

Gollar: Xurshid G‘iyosov (36), Abror Ismoilov (45+2) — Jasurbek Yaxshiboyev (11, penalti, 33), Bilol Tupliyev (22), Diyorjon Turopov (43).

«So‘g‘diyona» — «Andijon» 1:2

Gollar: Sardorbek Jamolov (84) — Petar Michin (60, avtogol), Martin Boake (79).

OKMK — «Guliston» 2:0

Gollar: Ivan Peshich (53), Nodirbek Abdurazzoqov (77).

Shu tariqa, «Neftchi», «So‘g‘diyona» va «Guliston» O‘zbekiston Kubogidagi ishtirokini yakunladi. «Lokomotiv», «Andijon» va OKMK esa yarimfinalga chiqdi.

Kiritildi: 23:44 20.10.2026. O'qildi: 291 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!