Toshkent xalqaro investisiya forumi — Markaziy Osiyodagi eng yirik va nufuzli investisiya maydonlaridan biri bo‘lib, u O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy o‘sishi, modernizasiya jarayonlari hamda sarmoyaviy salohiyatini dunyo auditoriyasiga keng namoyish etmoqda. Forum doirasida xalqaro kompaniyalar, moliyaviy institutlar ishtirok etmoqda.
Forumning asosiy ishtirokchilaridan biri — O‘zbekiston texnologik metalllar kombinati (TMK) bo‘lib, u mamlakatning kritik minerallar sohasidagi strategik salohiyatini xalqaro investorlarga taqdim etmoqda.
TMK o‘zining geologik resurslari, zamonaviy qayta ishlash infratuzilmasi hamda to‘liq qiymat zanjiriga asoslangan yondashuvini forum mehmonlariga namoyish qilmoqda. AQSH, Yevropa, Osiyo davlatlarining yirik investor va moliyaviy institutlari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, O‘zbekistonning kritik minerallar bo‘yicha konseptual strategiyasi va istiqbolli loyihalari muhokama qilinmoqda.
Bugungi kunda TMK 25 dan ortiq turdagi muhim minerallarni o‘z ichiga olgan 70 dan ziyod investisiya loyihasini amalga oshirish ustida ishlamoqda. Ularning umumiy qiymati 1,6 milliard AQSh dollarini tashkil etadi.
TMK xorijiy investorlar uchun ochiq, uzoq muddatli va barqaror hamkorlik modelini taklif qilmoqda. Kompaniya hozirda AQSH, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Daniya kabi davlatlarning moliyaviy va texnologik institutlari bilan bevosita hamkorlik o‘rnatgan.
“TMKning asosiy maqsadi – muhim xomashyolarni global miqyosda ishonchli yetkazib berishdir. Biz qazib olishdan tortib, qayta ishlash va tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq qiymat zanjirini yaratmoqdamiz. Maxsus iqtisodiy zonalarda texnoparklar tashkil etish orqali yirik kompaniyalar uchun bir joyda ishlab chiqarish, sarmoya kiritish va mahsulot yaratish imkoniyatini taqdim etyapmiz,” — deydi Han Ilhan, TMK boshqaruv raisi maslahatchisi.