AQSh prezidenti jurnalistning NATO davlatlarining Gaagadagi sammiti yakuniy bayonotida Rossiya tahdid sifatida tilga olingani haqidagi savoliga quyidagicha javob qaytardi:
"Men bunga e’tibor qaratishim kerak. Ammo Rossiya bilan kelishuvga erishishni istardim. Bilasiz, Vladimir Putin menga qo‘ng‘iroq qildi. U: “Eron masalasida yordam bera olamanmi?” deb so‘radi. Men: “Yo‘q, menga Eron bo‘yicha yordam kerak emas. Menga siz bilan kelishish kerak”, dedim. Shuning uchun Rossiya bilan kelishuvga erishishga umid qilaman".
Bundan tashqari, Donald Tramp NATO'ning Gaagadagi sammiti doirasida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishini ma’lum qildi.
Tramp 14 iyunda Putin bilan bo‘lib o‘tgan telefon suhbatini nazarda tutgan edi. O‘shanda tomonlar Eron-Isroil mojarosini muhokama qilgan va Putin uni hal etishda vositachilik qilishni taklif etgan edi.