Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida AQSh va YEIning so‘nggi sanksiyalariga, jumladan, Rossiyaning “Rosneft” va “Lukoyl” neft kompaniyalariga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarning O‘zbekistonga ehtimoliy ta’siriga izoh berdi.
"Butun dunyoda bo‘lgan o‘zgarishlarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga bevosita yoki bilvosita, ozmi yoki ko‘p, kichikmi yoki katta, baribir, ma’lum davrda ta’siri bo‘ladi", — dedi Ishmetov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Yevropa Ittifoqining so‘nggi sanksiya choralari, jumladan, neft mahsulotlariga cheklovlar ta’sir qilishi ehtimoli istisno etilmaydi. Biroq, uning ta’kidlashicha, neft mahsulotlarini yetkazib berish odatda uzoq muddatli shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
"Biz ikkilamchi sanksiyalar xavfiga tushish masalasiga judayam jiddiy qaraymiz. Bir necha yillar bo‘ldi, shukur, so‘nggi ikki-uch yilda sanksiyaviy komplayens ham, umuman, bank tizimida sal bo‘lsa ham takomillashdi va doimiy takomillashtirilib boriladi", — deya ta’kidladi Ishmetov.