Ma’lumot uchun, FMCP3 BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi doirasidagi Yordamchi organlarning 64-sessiyasi (SB 64) doirasida o‘tkazildi. Ushbu sessiya Parij kelishuvining asosiy mexanizmlaridan biri bo‘lib, mamlakatlar o‘rtasida milliy iqlim majburiyatlarini bajarish bo‘yicha ochiq axborot almashinuvi orqali shaffoflikni oshirish va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi. Jarayon ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Yig‘ilish davomida O‘zbekiston delegasiyasi milliy iqlim majburiyatlarini bajarish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish hamda iqtisodiyotning iqlim xavflariga chidamliligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohot va tashabbuslar natijalarini taqdim etdi.
Sessiyada so‘zga chiqqan Farrux Sattarov O‘zbekiston shaffoflikni samarali iqlim siyosatining ajralmas qismi deb bilishini va Parij kelishuvining Kengaytirilgan shaffoflik tizimi doirasidagi majburiyatlariga sodiq qolayotganini ta’kidladi. U iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyo mamlakatlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatayotgani, suv resurslari tanqisligi, yerlarning degradasiyasi va muzliklarning erishi kabi muammolarni yanada kuchaytirayotganini qayd etdi.
Shuningdek, yangilangan Milliy miqyosda belgilangan hissa (NDC) dasturiga alohida e’tibor qaratildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston 2035 yilgacha 2010 yil darajasiga nisbatan YAIM birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari tashlamalarini 50 foizga kamaytirish majburiyatini olgan. Shuningdek, iqtisodiyotning uglerod sig‘imini 35 foizga kamaytirish bo‘yicha avvalgi maqsad muddatidan oldin bajarilgani, hozirda esa yanada yuqori natijalarga erishish uchun qo‘shimcha choralar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, quyosh va shamol energetikasi sohasidagi yirik loyihalar tufayli mamlakatning o‘rnatilgan elektr ishlab chiqarish quvvatlarida «yashil» energiya ulushi qariyb 30 foizga yetgani, 2030 yilga borib esa bu ko‘rsatkich 50 foizdan oshishi prognoz qilinayotgani qayd etildi.
Iqlim o‘zgarishiga moslashish yo‘nalishida O‘zbekiston suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlarni davom ettirmoqda. Suvni tejovchi texnologiyalarning keng joriy etilishi natijasida har yili qariyb 10 milliard kub metr suv tejalmoqda.
Qolaversa, mamlakat milliy iqlim boshqaruvi tizimini izchil takomillashtirmoqda, issiqxona gazlari inventarizasiyasi tizimini mustahkamlamoqda, ma’lumotlarni yig‘ish mexanizmlarini rivojlantirmoqda hamda iqlim hisobotlarini tayyorlash salohiyatini oshirmoqda.
O‘zbekiston bundan buyon ham global iqlim jarayonlarida faol ishtirok etish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, iqlim moliyalashtirishini jalb qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali Parij kelishuvi maqsadlariga erishish hamda iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish yo‘lida izchil faoliyat olib borishni rejalashtirmoqda.