Aralash jang san’ati yulduzi, UFCning mutlaq (sobiq) chempionlaridan biri jahonga mashhur Xabib Nurmagomedov O‘zbekistonga keldi.
Bu haqda IIV axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, faxriy mehmon Ichki ishlar vazirligi huzuridagi «Jar» sport majmuasida tashkil etilgan Assosiasiyaning markaziy idora faoliyati bilan tanishdi.
Majmuada taniqli sport arbobini O‘zbekiston Aralash jang san’ati assosiasiyasi raisi Aziz Tashpulatov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari hamda Osiyo Olimpiya kengashi vise-prezidenti Otabek Umarov, Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston Aralash jang san’ati assosiasiyasi rahbariyati, O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylari hamda sportchilar kutib oldi.
Tadbir jarayonida mehmonlar yurtimizdagi aralash jang san’ati faoliyati, «Jar» sport majmuasida sportchilarning tayyorgarlik jarayoni va yaratilgan infratuzilma bilan yaqindan tanishtirilib, mamlakatimizda mazkur sport sohasini yanada rivojlantirish va aralash jang san’atini ommalashtirish hamda xalqaro tajriba almashish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Xabib Nurmagomedov o‘z tajribasidan kelib chiqib, sportchilarni professional tayyorlash bo‘yicha tavsiyalar berdi va O‘zbekistonda sport salohiyati yuqori ekanini alohida ta’kidladi.
"Hozirgi kunda O‘zbekiston boks sportida dunyoda yetakchilik qilib, eng ko‘p oltin medallarni qo‘lga kiritayotgan davlat sifatida timsollanib kelmoqda. Ishonamanki, agar o‘zbekistonlik yoshlarga boshqa sport turlarida, xususan aralash jang san’atida sharoit yaratilib, to‘g‘ri yo‘nalish berilsa, yaqin kelajakda dunyo sahnasida kuchli sportchilar orasida yetakchilik qilishadi", — dedi Nurmugamedov uchrashuv chog‘ida.
Uchrashuvda aralash jang san’ati bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari tashkil etish, xalqaro musobaqalar o‘tkazish hamda soha yo‘nalishida murabbiy va hakamlar malakasini oshirish dasturlarini ishlab chiqish kabi tashabbuslar rejalashtirildi.
Shuningdek, Xabib Nurmagomedov yosh sportchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ularga motivasion, tashabbusga undovchi nutq so‘zlab, shaxsiy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Bu tashrif nafaqat aralash jang san’ati, balki umumiy sport salohiyatini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.